Xalqaro "CEOWORLD" jurnali tomonidan e’lon qilingan 2027 yil uchun sayohat xavfsizligi reytingida O‘zbekiston 198 ta davlat va hudud orasida 81,03 ball bilan 27-o‘rinni egallab, «juda yuqori» xavfsizlik darajasiga ega mamlakatlar safidan joy oldi.
Ushbu natija nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi, balki O‘zbekistonning Avstraliya (29-o‘rin) va Kanada (34-o‘rin) kabi an’anaviy xavfsiz va taraqqiy etgan davlatlardan ham yuqoriroq baholanganini ko‘rsatadi. Bunday pozitsiya mamlakatdagi ichki barqarorlik va jamoat xavfsizligining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Reyting metodologiyasida faqat jinoyatchilik statistikasi bilan cheklanilmasdan, siyosiy barqarorlik, harbiy mojarolar bilan bog‘liq tahdidlar hamda turli davlatlar hukumatlarining xorijga safar qilish bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlari ham chuqur tahlil qilingan. O‘zbekistonning yuqori pog‘onaga ko‘tarilishi xalqaro maydonda mamlakat imijini mustahkamlab, turizm salohiyatini oshirish, xorijiy sayyohlar va ishbilarmonlar uchun ishonch muhitini yaratish hamda investitsiya oqimini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, reytingning quyi qismidagi ko‘rsatkichlar ham diqqatni tortadi: o‘zbekistonlik mehnat migrantlari eng ko‘p yo‘l oladigan Rossiya Federatsiyasi 20,67 ball bilan 194-o‘rinda qayd etilgan. Tahlillarga ko‘ra, Rossiya xavfsizlik darajasi «juda past» guruhda bo‘lib, Afg‘oniston, Yaman, Janubiy Sudan va Gaiti bilan bir qatorda tilga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil boshida Rossiyada qariyb 1,3 million yurtdoshimiz mehnat qilayotgani hisobga olinsa, ushbu xalqaro reyting natijalari shunchaki raqam yoki sayyohlik ma’lumoti emas, balki xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz hamda ularning oilalari uchun amaliy va ijtimoiy jihatdan dolzarb ahamiyatga ega masala sifatida namoyon bo‘ladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!