Bosh sahifa O'zbekiston Sizningcha qaysi davlat pasporti eng qimmat va kuchli?
O'zbekiston
Jahon
Iqtisodiyot
Jamiyat
Turizm

Sizningcha qaysi davlat pasporti eng qimmat va kuchli?

  • 17.11.2026 / 15:30
  • 1178
  • 0
111

 

Chegaralar oshib erkin sayohat qilish, dunyoning eng go‘zal go‘shalarini kashf etish va yangi imkoniyatlar eshigini ochish har bir insonning orzusidir. Biroq bunday erkinlikning kaliti bo‘lgan xorijga chiqish pasportining qiymati va global miqyosdagi "nufuzi" turli mamlakatlarda keskin farq qiladi. Ko‘pchilik hujjat qanchalik qimmat tursa, uning xalqaro maydondagi nufuzi va erkin harakatlanish qamrovi ham shunchalik yuqori bo‘ladi deb o‘ylaydi. Aslida esa raqamlar bu qarashning mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda. 

Xususan, O‘zbekistonda biometrik pasportni rasmiylashtirish qiymati qariyb 440 ming so‘mni tashkil etsa, Yevropaning eng rivojlangan davlatlaridan biri Ispaniyada bu ko‘rsatkich taxminan 400 ming so‘m atrofida bo‘lib, hatto bizdagi narxdan ham arzonroqdir. Jahon tajribasiga chuqurroq nazar tashlasak, narx va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut yanada hayratinararli tus oladi. Masalan, Janubiy Koreyada pasport olish xarajati 460 ming so‘m atrofida baholanadi va ushbu hujjat egasiga dunyoning 188 ta davlatiga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniyatini beradi. Osiyoning yirik moliyaviy va iqtisodiy markazi sanalgan Singapurda esa rasmiylashtiruv qiymati 750 ming so‘mni tashkil etadi. Aynan Singapur pasporti global reytinglarda eng kuchli hujjat sifatida birinchi o‘rinni egallab, naq 193 ta davlat eshiklarini ochish qudratiga ega. Qo‘shni Qozog‘istonda esa pasport bahosi 900 ming so‘mga yaqin bo‘lib, u fuqarolariga 77 ta davlat bilan vizasiz rejimni ta’minlaydi.

Shimoliy Amerika va Okeaniya mintaqalarida esa hujjat rasmiylashtirish xarajatlari sezilarli darajada yuqori. Jumladan, AQSh pasportining qiymati 2 million so‘mga yaqinlashadi va u 180 ta davlatga erkin safar qilish huquqini beradi. Avstraliyada esa fuqarolar pasport olish uchun qariyb 3,5 million so‘m to‘lashadi va bu hujjat 183 ta davlat kesimida amal qiladi. Reytingdagi eng qimmat hujjat maqomi esa Turkiya pasportiga tegishli bo‘lib, uning rasmiy davlat boji 3,5 million so‘mdan oshadi. Shunga qaramay, Turkiya pasporti egasiga 112 ta davlatga vizasiz kirish imkonini taqdim etadi, xolos.

Taqqoslash uchun, Ispaniya pasporti atigi 400 ming so‘m atrofida turishiga qaramay, dunyoning 186 ta davlatiga vizasiz safar qilish huquqini beradi. O‘zbekiston milliy pasporti esa hozirgi kunda 57 ta davlat chegarasini vizasiz kesib o‘tish imkoniyatini taqdim etmoqda. Keltirilgan faktlar shuni yaqqol isbotlaydiki, pasportning davlat budjetiga to‘lanadigan qiymati uning xalqaro kuchini yoki geografik qamrovini belgilamaydi. Bu borada davlatlarning tashqi siyosiy munosabatlari, diplomatik kelishuvlari, iqtisodiy barqarorligi va xalqaro maydondagi ishonchi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Samandar Pardaboyev tayyorladi.

 

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar