Kundalik hayotimizda har birimiz deyarli har kuni oziq-ovqat do‘konlari yoki yirik supermarketlarga ishimiz tushadi. Uyimizdan chiqayotganda rejamiz juda oddiy bo‘lishi mumkin — atigi bitta dona non yoki bir shisha sut sotib olib qaytish. Ammo do‘konga kirib, kassaga yetib borganimizda, ko‘pincha aravachamiz to‘la ekanligini yoki o‘zimiz rejalashtirmagan ko‘plab narsalarni sotib olib qo‘yganimizni payqab qolamiz va o‘zimiz ham bundan hayratga tushamiz.
Bu holat oddiy tasodif emas, balki yillar davomida ilmiy jihatdan mukammallashtirib kelingan kuchli marketing psixologiyasi va savdo sirlarining natijasidir. Bugungi kunda dunyodagi yirik savdo tarmoqlari inson ongining zaif jihatlarini, psixologik xususiyatlarini juda yaxshi o‘rganib chiqqan bo‘lib, xaridor o‘zi sezmagan holda cho‘ntagidagi barcha mablag‘ini sarflab yuborishi uchun qulay muhit yaratib qo‘ygan desak adshmaymiz. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bugungi kunda do‘konlarda odatiy holga aylangan savdo aravachalari o‘zi aslida qanday qilib paydo bo‘lgan? Bu tizim tarixi o‘tgan asrning o‘rtalariga borib taqaladi. 1937 yilda Amerikada Silvan Goldman ismli tadbirkor oddiy oziq-ovqat do‘konini boshqargan. O‘sha davrda supermarketlarda xaridorlar mahsulotlarni qo‘lda ko‘tarib yurish uchun maxsus kichik savatchalardan foydalanishgan.
Biroq xaridorlarning qo‘lidagi savatchasi mahsulotlarga to‘lib, og‘irlashib qolsa, ular darhol xaridni to‘xtatishar va boshqa narsa olmay to‘g‘ridan to‘g‘ri kassaga qarab shoshilishgan. Natijada do‘kon egalari ko‘proq foyda keltirishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha savdolardan mahrum qolardi. Buni sezgan tadbirkor Goldman o‘sha vaqtda inqilobiy bir g‘oyani o‘ylab topgan. U oddiy yig‘ma stulni olib, unga to‘rtta g‘ildirak va ikkita metall savat o‘rnatib tarixdagi ilk savdo aravachasini paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Biroq dastlab bu yangi ixtiro odamlar tomonidan mutlaqo qabul qilinmaydi va katta qarshilikka uchraydi. Ayollar uyda yetarlicha bolalar aravachasini surishlarini va yana boshqa aravachani boshqarishni istamasliklarini aytishsa, erkaklar esa qo‘lida savat ko‘tarib yurish o‘rniga g‘ildirakli temir moslamani do‘kon bo‘ylab sudrab yurishni o‘zlarining g‘ururiga tegadigan va uyat ish deb hisoblashgan. Shunda Goldman bu holatga qarab turmay, o‘ta nozik va puxta psixologik usulni qo‘llashga qaror qilgan. U do‘konga maxsus aktyorlarni — ozoda kiyingan erkaklar va jozibali ayol modellarini pulga yollaydi.
Ularning vazifasi kun bo‘yi do‘kon ichida aravachalarga turli mahsulotlarni to‘ldirib, hech narsa bo‘lmagandek xotirjam va mamnuniyat bilan aylanib yurishdan iborat bo‘lgan. Buni ko‘rgan oddiy xaridorlar esa “demak, hamma shundan foydalanyapti, bu qulay ekan” degan o‘y bilan hech qanday ikkilanmasdan aravachalarni o‘zlari ham tuta boshlashgan. Oqibatda bu hiyla juda tez o‘z samarasini beradi va 1940 yilga kelib savdo aravachalari butun mamlakat bo‘ylab ommalashib ketadi, hatto do‘konlar yangi aravachalarni sotib olish uchun yillab navbatda turishga majbur bo‘lishadi. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda ham supermarketlardagi aravachalar ataylab juda katta qilib yasalgan, chunki inson ongida bo‘sh turgan katta bo‘shliqni ko‘rsang, uni qanday qilib bo‘lmasin to‘ldirish kerak degan yashirin psixologik ehtiyoj mavjud. Aravachalardan tashqari, do‘kon ichidagi muhit, xususan, fonda yangrayotgan musiqalar ham xaridorlarning hamyoniga ta’sir qiluvchi kuchli qurol hisoblanadi. 1982 yilda o‘tkazilgan maxsus tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, agar supermarketda tez va shovqinli musiqalar emas, balki sekin, xotirjam, sokin va maromli kuylar qo‘yilsa, xaridorlarning xulq-atvori keskin o‘zgaradi. Odamlar shoshilmay, sekinroq qadam tashlay boshlashadi va do‘kon yo‘laklarida o‘zlari sezmagan holda ancha uzoqroq vaqt qolib ketishadi. Oqibatda ular do‘kon ichida rejalashtirganidan naq 38 foizga ko‘proq mahsulot xarid qilishlari aniqlangan.
Hatto do‘konga qornimiz och bo‘lmagan paytda kirgan taqdirimizda ham, musiqaning ohangi va atrof-muhitdagi iliq muhit ta’sirida xarajat qilish darajamiz keskin oshib ketadi. Supermarketlarning ichki tuzilishi va mahsulotlarning joylashuvi ham tasodifiy emas. Har bir do‘konda insonlar eng ko‘p qidiradigan kundalik zarur mahsulotlar — masalan, sut, non yoki tuxum doimo binoning eng to‘riga, oxirgi burchaklarga joylashtiriladi. Xaridor aynan o‘sha o‘zi uchun kerak bo‘lgan bitta oddiy narsani olish uchun butun do‘kon bo‘ylab piyoda yurishga, barcha peshtaxtalar yonidan o‘tishga majbur bo‘ladi.
Yo‘l-yo‘lakay esa u o‘ziga umuman kerak bo‘lmagan, lekin ko‘zga jozibali va chiroyli ko‘ringan o‘nlab boshqa mahsulotlarni ko‘rib, ularni ham savatiga tashlab ketadi. Bunday yashirin tuzoqlarga tushib qolmaslik va ortiqcha mablag‘ sarflamaslikning yagona yo‘li — do‘konga borishdan oldin aniq uyda tayyorlangan ro‘yxat tuzish va uni qat’iy nazorat qilishdir.
Samandar Pardaboyev tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!