Transport vazirligi 2026 yil 10 martdan boshlab, O‘zbekiston hududidan Saudiya Arabistoni va BAAga ikki tomonlama yo‘lovchi tashish (olib ketish va olib kelish) tashkil etishga ruxsat berilganligini ma’lum qildi. Bundan oldin yo‘lovchi turi va fuqaroligi bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Saudiya Arabistoniga amalga oshirilayotgan parvozlarda, Umra mavsumi nihoyasiga yetayotganligi va «Haj – 2026» mavsumidan oldin barcha Umra ziyoratchilari Saudiya Arabistonining amaldagi qonunchiligiga muvofiq mamlakatdan chiqib ketishi shartligini inobatga olgan holda, Umra ziyoratchilariga quyidagi talablar qo‘yildi:
- Saudiya Arabistoniga uchuvchi barcha yo‘lovchilarda ortga qaytish aviachiptasi bo‘lishi shart.
- Aeroportlarda qaytish chiptasi mavjudligi qat’iy tekshiriladi.
- Umra mavsumi tugagach, ziyoratchilar Saudiya qonunchiligiga muvofiq mamlakatni o‘z vaqtida tark etishi kerak. «Uzbekistan Airports» qaytish chiptasi yo‘q yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirib, har kuni «O‘zaviatsiya» agentligiga taqdim etadi. Keyinchalik bu ma’lumotlar tegishli davlat idoralari tomonidan tahlil qilinadi. Umra ziyoratchilarini tashishda aviakompaniyalar Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 oktyabrdagi 668-sonli qarori talablariga amal qilish shart. Ziyoratchilarni tashish faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita litsenziyasiga ega turoperatorlar orqali amalga oshiriladi. Turoperatorlar har bir ziyoratchiga borish-qaytish aviachiptalari, mehmonxona vaucheri, transfer xizmati va sug‘urta polisi taqdim etishi kerak. Reyslar davomida yo‘lovchilarga bu talablar ovoz kuchaytirgich orqali eslatib boriladi. Transport vazirligi vaziyatni doimiy monitoring qilib boradi va zarur hollarda qo‘shimcha ko‘rsatmalar beradi.
Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli Saudiya Arabistonining havo hududi yopilib, xalqaro reyslar bekor qilingan edi. Shuningdek, Umra safarlari ham noma’lum muddatga to‘xtatilgandi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!