Xalqaro Astronomiya Ittifoqining qayd etishicha, Oyda mavjud 9 137 ta kraterdan 1 675 tasining yoshi aniqlangan. Ma’lumot uchun: kraterlar Oyning bo‘sh (atmosferasi yo‘q) yuzasida milliardlab yillar davomida kosmik tana zarbalari ta’sirida paydo bo‘lgan. Selenologlarning ma’lum qilishicha, Oyning sarf maydonida taxminan 300 000 ta 1 kmdan, butun yuzani hisobga olganda, 1 kmdan kattaroq bo‘lgan taxminan 1 300 000 ta krater mavjud. Bu raqamlar Oydagi kraterlar soni rasman nomlanmagan ko‘plab obyektlarni ham o‘z ichiga olganini ko‘rsatadi. 9 137 ta krater an’anaviy usullar bilan aniqlangan bo‘lsa, 109 956 ta yangi krater sun’iy intellekt (AI) va avtomatik tahlil metodlari bilan aniqlangan. Yuqoridagilarni o‘qiy turib, qiziq savol tug‘ildi: nega Oydagi kraterlar ko‘milib ketmaydi? Selenologlar buni Oyda atmosfera va suv yo‘qligi bilan izohlashadi. Atmosfera va suvning mavjud emasligi kraterlarning eroziya bilan yo‘q bo‘lishini cheklaydi. Shu bois yerda unday kraterlar tez erib ketadi, Oyda esa ular milliardlab yil saqlanadi. Darvoqe, eng qiziq ma’lumotlardan biri Oydagi kraterlarning ko‘pchiligiga o‘zbek olim va allomalarining nomlari berilgan. Manbalarda keltirilishicha, diametri taxminan 54 km, chuqurligi – 1.7 km bo‘lgan krater nemis astronomi Iogann Genrix fon Medler tomonidan 1830 yilda Oy xaritasiga kiritilgan va Mirzo Ulug‘bek sharafiga nomlangan. Shuningdek, Oydagi Tavr tog‘lari yaqinida joylashgan diametri 60 km. bo‘lgan kraterga Ali Qushchi nomi berilgan. Beruniy krateri esa eng qadimiy sanalib, Oyning narigi tomonida, Mare Marginis dengizidan shimolda joylashgan. Bundan tashqari, 1970 yilda aniqlangan diametri 52 km bo‘lgan kraterga buyuk olim Ibn Sino nomi berilgan. Yana bir ma’lumot: Oyda mashhur astronom va matematik, Maragin observatoriyasi asoschisi Nasriddin Tusiy hamda Ma’mun akademiyasi asoschisi Abbos al-Ma’mun, buyuk alloma Al-Farg‘oniy sharafiga nomlangan kraterlar ham bor. Darvoqe, nafaqat Oyda, balki Merkuriydagi kraterlarga ham Jaloliddin Rumiy, Nizomiy Ganjaviy, usmoniy me’mori Mimar Sinan nomlari berilgan.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!