Ertalab shunaqa shirin uxlab yotibman. Yana yarim soatgina uxlay degan buyuk maqsad bor miyada. Bolalar xo‘rozdan oldin uyg‘onib olgan. Katta o‘g‘limiz uyni boshiga ko‘tarib, sho‘xlik qilayabdi. Naqd 7 mahallaga eshitiladi. Buyog‘dan yaqinda tug‘ilgan chaqalog‘imiz ham notani balandidan olib, yig‘lashni boshladi. Buyoqda, onasini "Bolam, bo‘ldi qil, dadang uxlayabdi. Hozir, qo‘shnilar ham chiqishadi" deyishi, anavi ikkita bolani ovozidan ham baland-da)) Xullas, bolali odamga KO‘ZOCHKICH (Budilnik)ni ham keragi yo‘q????
Shu payt, eshik jiringladi. Endi turmasam, bo‘lmaydi deb o‘rnimdan turib, eshikni tuynugidan mo‘raladim. Qarasam, bir Yapon kampir turibdi. Bolalarni shovqini uchun, e’tiroz bildirib, janjal qilgani keldi-yov, ertalabdan kayfiyatni ham rasvo qildilaring deb, eshikni ochdim.
- "Ohayou, akachan umaretano?"( Xayrli tong, chaqaloqli bo‘ldilaringmi?) dedi.
- Ha, yaqinda chaqaloqli bo‘lgan edik. Bolani baqirib yig‘lagani uyqungizni buzib yubordi shekilli. Ming bor uzr desam, "Yo‘q, aksincha, bolani ovozidan mazza qilayabman. Har kuni balkonga chiqib olaman chaqaloqlaringni ovozi eshitish uchun" desa bo‘ladimi. Nima deyishimni bilmay qoldim.
Yapon kampir yana gap boshladi. "Men, sizlardan 3 ta oldindagi falon raqamdagi uyda yolg‘iz yashayman. Nechchi kundan beri chaqaloqni ovozini eshitib, ko‘rgim keladi. Lekin, kira olmadim. Bugun ertalabdan ovozini eshitib, to‘g‘ri kelaverdim dedi.
Men ham, "Kiring, kiring" deb uyga taklif qildim. Yaponlarda uncha-bunchaga birovni uyiga kirish yo‘qligi uchun, ming hijolatda kirdi. Bolani o‘ynatdi, ko‘tardi. Ozgina gaplashdik.
Aytishicha, 83 yoshda ekanlar. Farzandlari ancha oldin uydan chiqib ketgan ekan. Ikkita farzandi ham oila qurmabdi. 1 yilda bir, 2 yilda bir kelsa, keladi, bo‘lmasa shu ham yo‘q deydi. Meni eng ta’sirlantirgan gapi: "Bu domda deyarli hamma qariyalar, xuddi qariyalar uyiga o‘xshaydi. Hozirgilar tug‘may ham qo‘ydi. Shuning uchun, bu domda, hamma chaqaloqlarni yaxshi ko‘radi, maylimi har zamonda chaqaloqlaringni ko‘rib tursam deydi. Men ham, ko‘rib tursam emas, bizni oldimizga ko‘chib kelsangiz ham mayli dedim. Kulib-kulib chiqib ketdi))
Kampir chiqib ketdi-yu, yuragim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Ichimda nimadir muzlab qoldi.
Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozu deb bejizga aytmagan dono xalqimiz!
Tafakkur qiling!
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!