Vatanimiz bayrog‘i 1991 yilning 18 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. Bu yil bayrog‘imiz tashkil topganiga 33 yil to‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi matoda aks etgan bo‘lib, uchta asosiy gorizontal rangdor bo‘laklarga bo‘lingan. Ular: yorqin moviy, oq, yorqin yashil. Bu bo‘laklar orasini ikkita qizil rangdagi gorizontal chiziqlar ajratib turadi.
Davlatimiz bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy, oq va yashil rangli enining kengligi bir xil. Har bir rangning eni 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan. Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 70x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘zbekiston bayrog‘i ramzi mamlakat hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqning milliy va madaniy o‘zligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi havorang — zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Havorang Sharqda azaldan qadrlanadi, vaqtida Amir Temur ham o‘z bayrog‘iga bu rangni tanlagan.
Oq rang — tinchlik va poklik timsolidir. Bayroqdagi oq rang O‘zbekiston Respublikasi tanlagan yo‘lning musaffo va charog‘on bo‘lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Qizil yo‘llar — bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot ramzidir.
Yashil rang — serne’mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda; uning ramzi ham yashil rangdir.
Yarimoy — O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik an’analariga muvofiq keladi. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar — Bayroqdagi 12 yulduz tasviri tarixiy an’analarimiz, mukammallik belgisidir.
Go‘zal Beknazarova tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!