O‘zbekistonlik olim Muslimbek Alijonovning monografiyasida qiziq ma’lumotga duch keldim.
Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibi sanalganida, Alekseyenkovning "Kokanskaya avtonomiya" kitobiga asoslanib, Chanishev, Zigel, Yusuf Davidov kabi ismlar keltiriladi. Mustafo Cho‘qayning muhojirotda yozgan bir maqolasida aytilishicha, bu ismlarni Alekseyenkov o‘zi o‘ylab topgan (ya’ni, tushunishimcha, hukumat a’zosi deb to‘qivorgan).
Faqatgina Zigel bir masalada maslahatlashish uchun chaqirilgan. Chanishev esa bolsheviklar bilan aloqasi borligi uchun hukumat binosiga kiritilmagan.
Shunga qaramay, keng tarqalgan manbalarda, jumladan, Wikipedia'da bu ismlar turibdi.
Aslida Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibida shartli "rus" ("tub" xalqlardan chiqmagan) vakillar bo‘lganmi? Boshqa tadqiqotlarda yozilishicha, kamida Solomon Gersfeld bo‘lgan. Cho‘qay yuqoridagi maqolasida bu ismni inkor qilmagan ekan, demak, hukumatning to‘qima a’zosi bo‘lmasa kerak deb umid qilamiz.
Gersfeld Odessada tug‘ilgan bir yahudiy aslli jurnalist va advokat bo‘lib, Samarqandda yashagan. Mahalliy sionist tashkilot yetakchilaridan bo‘lgan, siyosiy kurashlarda musulmon aholi tarafida turgan. Turkiston muxtoriyati hukumatida ham bir muddat ishlagan; Qo‘qonni bolsheviklar olgach, hibsga olinib, otib tashlangan.
Yaqin o‘tmishda sionistlar musulmonlar bilan bemalol hamkorlik qilgan, ikki tomonning ham umumiy dushmanlari bo‘lgan. Aslida jadidlar polyaklar bilan ham ko‘p hamkorlik qilgan, lekin bu haqda alohida gaplashish kerak.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!