O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi daromadlari bo‘yicha rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilindi. “Bitiruvchilar sifati indeksi” platformasi tomonidan taqdim etilgan tahlillarga ko‘ra, 2025 yilning iyul oyidan 2026 yilning iyun oyigacha bo‘lgan davrda bitiruvchilarning respublika bo‘yicha o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida joylashgan S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali bitiruvchilarida qayd etilgan. Ushbu oliygohni tamomlagan mutaxassislarning o‘rtacha rasmiy daromadi 23,4 million so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha qayd etilgan o‘rtacha daromad miqdoridan qariyb besh barobar yuqori hisoblanadi.
Yuqori maosh oluvchi bitiruvchilar reytingida keyingi o‘rinlarni Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Toshkent xalqaro Vestminster universiteti egallagan. Ushbu oliygohlar bitiruvchilari mos ravishda 12,6 million va 12,5 million so‘m o‘rtacha daromadga ega bo‘lishgan. Shunga yondosh ravishda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari 10,6 million so‘m, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchilari 10,3 million so‘m hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchilari 9,4 million so‘m ko‘rsatkich qayd etishgan.
Shuningdek, yetakchi oliygohlar ro‘yxatidan Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali, Toshkent davlat yuridik universiteti va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ham joy olgan. Ushbu muassasalar bitiruvchilarining olayotgan rasmiy daromadlari 8,1 million so‘mdan 9,3 million so‘mgacha bo‘lgan oraliqni tashkil etdi.
Mutaxassislik yo‘nalishlari kesimida qaralganda, eng yuqori o‘rtacha daromad ijod va sport sohasi vakillarida kuzatilgan. Amaliy fanlar, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlar va tibbiyot sohasi bitiruvchilarining rasmiy maoshlari nisbatan pastroq ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda.
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi rahbariyatining maʼlum qilishicha, reytingni shakllantirishda faqat rasman qayd etilgan daromadlar hisobga olingan. Bundan tashqari, indeksni aniqlash jarayonida mutaxassisning ish haqi u istiqomat qiladigan hududdagi o‘rtacha maosh miqdori bilan ham solishtirib chiqilgan.
Samandar Pardaboyev tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!