Dunyo bo‘ylab millionlab futbol ishqibozlari tomonidan intiqlik bilan kutilgan onlar yetib keldi. O‘zining shiddati, kutilmagan burilishlari va yuqori tempi bilan ajralib turadigan Angliya Premer-ligasining yangi 2026-2027 yilgi mavsumi rasman o‘z bayrog‘ini ko‘tarmoqda. Yozgi tanaffus va mavsum oldi tayyorgarlik bosqichi ortda qoldi. Endi maydonda haqiqiy mahorat, iroda va taktikalar to‘qnashuvi boshlanadi. 38 ta turdan iborat marafonda 20 ta klub bosh sovrin hamda yuqori o‘rinlar uchun maydonga tushadi.
Britaniyada futbol shunchaki sport turi emas, balki millionlar hayotining ajralmas qismidir. Shu sababli APLning har bir turi haqiqiy bayram sifatida qabul qilinadi. Taqvimga muvofiq, 21 avgust juma kunidan e’tiboran dastlabki tur bahslariga start beriladi. Futbol ahli yana radio, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali sevimli jamoalarining chiqishlarini hayajon bilan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ochilish uchrashuvi 21 avgust kuni soat 20:00 da «Arsenal» hamda «Koventri» jamoalari o‘rtasida kechadi. Londonliklar o‘z maydonida ligaga qaytgan raqibni qabul qiladi. «Arsenal» dastlabki turdayoq muxlislarini xursand qilib, 3 ochkoni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Bu uchrashuv butun mavsum kayfiyatini belgilab berishi bilan ham juda muhimdir.
22 avgust, shanba kuni turning qiziqarli uchrashuvlari davom etadi. Soat 12:30 da «Xall Siti» o‘z uyida «Manchester Yunayted»ni kutib olsa, soat 15:00 da «Everton» hamda «Kristal Pelas» klublari o‘zaro kuch sinashadi. Shuningdek, shu vaqtda «Ipsvich» – «Sanderlend» hamda «Nottingem Forest» – «Lids» bahslari bo‘lib o‘tadi. Soat 17:30 da esa «Brentford» va «Tottenxem» o‘rtasidagi londoncha derbi boshlanadi.
23 avgust, yakshanba kuni APLning markaziy grandlari maydonga tushadi. Soat 14:00 da «Brayton» o‘z maydonida «Aston Villa»ni qabul qiladi, shuningdek, «Manchester Siti» «Bornmut» bilan kuch sinashadi. Amaldagi chempion «Manchester Siti» bu mavsumda ham o‘z unvonini saqlab qalishga harakat qiladi.
Yakshanba kuni soat 16:30 da turning eng markaziy to‘qnashuvi — «Nyukasl» va «Liverpul» bahsi bo‘lib o‘tadi. Bu ikki gigant o‘rtasidagi o‘yinlar har doim shiddatli va gollarga boy kechadi. Turning so‘nggi uchrashuvi 24 avgust, dushanba kuni soat 20:00 da «Fulxem» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Premer-liganing jozibasi shundaki, bu yerda autsayder yoki favorit tushunchasi nisbiydir. Jadvalning quyi qismidagi jamoa ham peshqadamdan ochko tortib olishi mumkin. Jamoalarning jismoniy tayyorgarligi va murabbiylarning taktik yurishlari har bir o‘yin taqdirini hal qiladi.
Ko‘plab klublar yozgi transfer oynasida tarkibni sezilarli darajada kuchaytirdi. Boshlangan mavsumda yangi yulduzlar kashf etilishi va rekordlar yangilanishi kutilmoqda. Kelayotgan 9 oy davomida muxlislarni unutilmas lahzalar kutib turibdi. 380 ta uchrashuvdan iborat ushbu katta futbol marafoni tarixda o‘z izini qoldirishi shubhasiz.
Samandar Pardaboyev tayyorladi
Samandar Pardaboyev tayyorladi
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!