1960 yillardan beri Orol dengizining qurigan tubidan atmosferaga taxminan 748 million tonna karbonat angidrid (CO₂) gazi ajralib chiqqan bo‘lishi mumkin. Bu haqda NG24 nashri ispaniyalik tadqiqotchilar guruhi o‘tkazgan ilmiy izlanishlarga tayanib xabar berdi.
Olimlarning ta’kidlashicha, Orol dengizi o‘nlab yillar davomida organik moddalarni o‘zida to‘plab, tabiiy uglerod ombori vazifasini bajargan. Biroq suv sathining keskin chekinishi natijasida quruqlikda qolgan cho‘kindilar havo bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga kirishgan va to‘plangan uglerod asta-sekin atmosferaga qayta boshlagan. 2022 yilda o‘tkazilgan ekspeditsiya va 14 ta hududdan olingan namunalar tahlili ajralayotgan CO₂ aynan tubda ko‘milib qolgan organik moddalardan chiqayotganini tasdiqladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tuproqda hali ham organik moddalar saqlanib qolmoqda va ulardan yana 605 million tonna atrofida karbonat angidrid gazi ajralib chiqish xavfi mavjud. Agar ushbu uglerodning sezilarli qismi dengiz tubida saqlab qolinsa, bu issiqxona gazlarini kamaytirishga katta hissa qo‘shadi. Bunday qisqartirishning moliyaviy qiymati 3,6 milliarddan 18 milliard dollargacha baholanmoqda, bu esa uglerod orqali ekotizimni tiklash loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi.
Biroq Orol dengizini to‘liq yoki avvalgi holatiga qaytarish nihoyatda murakkab vazifadir. Suv havzasini 1960 yildagi maydonining yarmigacha tiklash uchun markaziy Osiyo mamlakatlaridagi irrigatsiya tizimlarini po‘latday mustahkamlash, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va qariyb 9,7 milliard dollar sarmoya kiritish talab etiladi. Shunga qaramay, olimlar suvni qisman qaytarish va ekotizimlarni tiklash loyihalarini amalga oshirishni eng maqbul yechim deb hisoblamoqdalar.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!