Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylar hovlisidagi bolalar o‘yin maydonchalari va ekilgan daraxt ko‘chatlarini o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olayotgan tadbirkor niqobi ostidagi kimsalar jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bunga yaqqol misol sifatida Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasida yuzaga kelgan vaziyatni ko‘rsatish mumkin. Ushbu mahallada aholi tomonidan ekilgan ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanib, bolalar maydonchasi o‘rnida yirik biznes markazi qurilishi rejalashtirilgani aniqlandi.
Mazkur holat poytaxtdagi boshqa turar joy dahalarida ham ko‘p qavatli uylar atrofi, dam olish maskanlari va sport maydonchalari bosqichma-bosqich yo‘q qilib yuborilayotganini ko‘rsatdi. Odamlarning bu kabi o‘zboshimchaliklardan haqli ravishda noroziligiga sabab bo‘lgan holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva shunday maskanlarning biriga tashrif buyurib, vaziyatga keskin munosabat bildirdi.
"Aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo‘ljallanmagan, ular o‘z vazifasiga ko‘ra xizmat qilishi zarur. Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi ko‘p qavatli uylar hovlilari, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti", — dedi Saida Mirziyoyeva.
Ushbu muammoni to‘liq bartaraf etish maqsadida Bosh prokuraturaga Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish vazifasi yuklatildi. Mutasaddilarga qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari hamda fuqarolarning huquqlari qay darajada buzilganini qattiq nazorat ostida o‘rganib chiqish topshirildi. Tekshiruvlar davomida har qanday qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilib, hatto ozodlikdan mahrum etilishigacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanilishi qat’iy belgilandi.
"Noqonuniy egallangan hududlarning hammasini xalqqa qaytarish kerak. Tanish-bilishchilik bo‘lmasin", — deya qat’iy talab qo‘ydi Saida Mirziyoyeva.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!