Prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida 2026–2027 yillarda shaharning to‘rtta kirish joyida Rohat, Bektemir, Erkin va Uch qahramon ramziy darvozalari quriladi.
Shu bilan birga, Yunusobod tumani Sayilgoh hududidagi barcha bino va inshootlarni “dizayn kod” asosida ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, “Chorsu” bozori va “Eski Juva” majmuasi hududlari kompleks rekonstruksiya qilinib, ushbu ishlar konsepsiyasi bo‘yicha takliflar hukumatga kiritiladi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining hududida noyob tut daraxtlarini saqlab qolgan holda ekobog‘, sokin hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan sayilgoh, tematik va ko‘p funksiyali ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi.
Toshkent shahridagi aholi yashash punktlaridan 15 daqiqalik piyoda masofada, shu jumladan, ustuvor ravishda ko‘p kvartirali uylarga tutash bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarida namunaviy tarzda kichik yashil bog‘lar tashkil qilinadi.
Qolaversa, Yakkasaroy tumani Sharof Rashidov shoh ko‘chasida joylashgan “Moviy gumbazlar” xiyoboni hududida “Kitob ko‘chasi”ni 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritish tartibida tashkil etiladi. Chilonzor tumani Bog‘iston ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali o‘rnida dual ta’lim shaklida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan hamda zamonaviy va kelajak kasblari o‘rgatiladigan “Yoshlar shaharchasi” tashkil etiladi.
Shuningdek, Bektemir tumani Zabardast mahallasidagi qariyb 3 gektarlik yer maydonlarida tajriba-sinov tariqasida Bektemir tumanining ma’muriy markazi tashkil etiladi. Buning uchun 10 qavatli bino qurilib, tumandagi barcha boshqarma va bo‘limlar mazkur bino va inshootlarga joylashtiriladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!