Jahon futbolida nafaqat maydondagi mahorati, balki insoniy fazilatlari bilan ham millionlab muxlislar mehrini qozongan senegallik futbolchi Sadio Mane topayotgan daromadining kattagina qismini hashamatli hayotga emas, balki xayrli ishlarga sarflaydi.
Manening millionlab dollarni hashamatli hayotga emas, balki tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ini obod qilish, yashash sharoitini yaxshilashga qaratgani dunyo afkor ommasi orasida doimo olqishlab kelinadi. Barcha xayrli tashabbuslarini ovoza qilmasdan, jimgina amalga oshirishni xush ko‘ruvchi futbolchi Senegalning Bambali qishlog‘ida kambag‘al oilada ulg‘aygan. U bolaligida turmushning og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan. O‘tgan yillarda u qishloqqa qariyb 532 000 yevro sarflab, barcha zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan 1 ta yirik shifoxona qurdirgani o‘sha hudud aholisi uchun tom ma’noda hayot-mamot masalasini hal qildi. Chunki bungacha 2000 dan ortiq og‘ir xastalikka uchragan yoki homilador ayollar malakali yordam olish uchun 50 kilometr uzoqlikdagi shaharlarga qatnashga majbur edi. Bu shifoxona nafaqat Bambali aholisiga, balki 30 dan ortiq qo‘shni qishloq fuqarolariga hamda 35 000 nafardan ziyod insonlarga bepul va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelyapti.
Shuningdek, bolalarning ta’lim olishi masalasi juda muhimligini futbolchi ko‘p bora aytgan. U bolaligini xotirlarkan, 5 ming kilometrlik masofani bosib, maktabga borganini ko‘zida yosh bilan gapiradi. Shu bois, u qishloqda 400 nafardan ortiq o‘quvchilarga mo‘ljallangan, eng yuqori standartlarga javob beradigan zamonaviy maktab binosini qurib berdi. Bugun senegallik bolalar va o‘smirlar zamonaviy va shinam sinfxonalarda tahsil olish, kompyuterlar va zarur o‘quv jihozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu o‘rinda ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, yosh futbolchilar akademiyalariga yordam berish kabi xayrli ishlar Manening doimiy e’tiborida ekanini ham aytish joiz. Sadio Maneni yaqin do‘stlari uni boshqalardan ajratib turadigan jihat — uning kamtarligi, boylik va shon-shuhratga erishganiga qaramay, u sodda turmush tarzini saqlab qolganini e’tirof etishadi. Futbolchining o‘zi intervyularidan birida: «Nima uchun menga 10 ta Ferrari yoki 2 ta samolyot kerak bo‘lsin, ular menga nima beradi? Men ocharchilikni ko‘rganman, kambag‘al bo‘lganman. Shuning uchun xalqimga yordam berishni afzal ko‘raman», – degandi. Bu so‘zlar uning hayot falsafasini yaqqol ifodalaydi.
Darvoqe, futbolchi nafaqat maktab, kasalxona va qishloq infratuzilmasini yaxshilashga mablag‘ sarflagan, balki qishloqda bitta zamonaviy benzin quyish shoxobchasi va bitta pochta bo‘limi ham qurdirib berdi. Bu esa mahalliy aholining yoqilg‘i va aloqa xizmatlari uchun 40 kilometr uzoq masofalarga qatnash mashaqqatidan qutqardi. Bundan tashqari, Mane Bambali qishlog‘idagi har bir oilaga oylik ravishda 70 yevrodan moliyaviy yordam nafaqasini ajratib kelishini hamma bilishini istamaydi. Ammo hushyor jurnalistlar uning har bir xayriyasini ibrat qilib ko‘rsatishdan to‘xtashmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi faqat o‘z qishlog‘i bilan cheklanib qolmay, balki butun Senegal bo‘ylab 10 dan ortiq yosh futbolchilar akademiyalariga va ijtimoiy himoyaga muhtoj 500 dan ortiq oilalarga millionlab dollarlik xayriya yordamlarini ham yetkazib beradi. Shu o‘rinda qisqacha futbolchi faoliyati haqida qisqacha, U faoliyati davomida Angliyaning Liverpul safida 269 ta o‘yinda to‘p tepib, 120 ta gol urgan va Germaniyaning Bavariya kabi grand klublarida faoliyat olib borgan. Mane bu kabi kuchli nomdor klublarda yurgan kezlarida ham o‘zining oddiyligini yo‘qotmagani esa muxlislarining unga bo‘lgan hurmatini yana bir katta oshiradi.
Yaqinda yakuniga yetgan 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatida ham Sadio Mane Senegal milliy jamoasining asosiy yetakchisi sifatida maydonga tushdi. Ushbu yirik mundialda Senegal terma jamoasi I guruhidan joy olib, guruh bosqichida uchta qiyin o‘yinni o‘tkazdi. Fransiyaga qarshi bahsda ochilish o‘yinlaridan birida Senegal Fransiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va bu uchrashuvda Mane 90 daqiqa to‘liq harakat qildi. Norvegiya bilan o‘yinda ikkinchi turda Norvegiya bilan kechgan murosasiz bahsda 2:3 hisobida Mane jamoadoshiga 1 ta golli uzatma assist amalga oshirdi. Iroqqa qarshi g‘alaba guruhning so‘nggi turida Senegal Iroq darvozasiga javobsiz 5 ta gol kiritib, yirik 5:0 hisobida zafar quchdi va bu o‘yinda Mane faol hisoblari bilan ajralib turdi. Guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Senegal 1/16 finalda Belgiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi va keskin kurashlar ostida kechgan bahsda 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi yurishini yakunladi. Ushbu jahon chempionatida Mane jami 4 ta uchrashuvda to‘liq harakat qilib, raqiblar darvozasini nishonga olishda faollik ko‘rsatdi va 1 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Tahlilchilar ham bugun Bambali qishlog‘ining qiyofasi tubdan o‘zgargani, yaratilgan infratuzilma, ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi uchun amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar yuzlab oilalar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlab, Vatanga muhabbat, millatga bo‘lgan mehrning chinakam ifodasi sifatida Manening xayrli ishlarini ko‘rsatishadi. Ha, chindan ham Sadio Manening hayot yo‘li yosh sportchilar uchun muhim ibratdir. Chunki haqiqiy chempionlik nafaqat sovrinlar va rekordlar, balki xalq ishonchi, insonlarga mehr va jamiyat oldidagi mas’uliyat bilan ham o‘lchanadi. Darvoqe, qayd etilishicha, futbol qiroli Krishtianu Ronaldu ham yiliga 100 million dollardan ko‘p daromad topadi va uning salmoqli qismini turli xayriya aksiyalari, bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondlari hamda shifoxonalarga ajratadi.
Shuningdek, Lionel Messining jamg‘armalari orqali dunyo bo‘ylab kambag‘al oilalarga yordam ko‘rsatishi, pandemiya davrida millionlab dollarni tibbiyot muassasalari hisobiga o‘tkazishi ham futbol muxlislari tomonidan yuqori baholanadi. Ha-ya, futbol yulduzlaridan yana biri Neymar ham bu kabi an’analardan chetda turmayapti. U ham millionlab mablag‘larni YUNICEF va xayriya jamg‘armalari hisobiga o‘tkazib bergan.
Samandar Pardaboyev tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!