Bosh sahifa Jahon “Icarus” osmonni qanday zabt etdi?
Jahon

“Icarus” osmonni qanday zabt etdi?

  • 17.07.2026 / 15:29
  • 1207
  • 0
111
Tasavvur qiling, oddiy qog‘oz va yelimdan yasalgan ulkan konstruksiya osmonni zabt etmoqda. Bu ertak emas, balki Italiyaning Bolonya shahridagi 15 nafar yosh va iqtidorli muhandis talabalarning haqiqiy ilmiy jasoratidir. Ular o‘z oldiga imkonsizdak tuyulgan maqsadni qo‘yishdi: dunyodagi eng yirik qog‘oz samolyotni yaratish va u orqali inson tafakkurining chegaralarini sinovdan o‘tkazish. “Icarus” deb nomlangan ushbu loyiha 2026 yilda jahon texnologiya hamjamiyatining eng shov-shuvli yangiliklaridan biriga aylandi.
 
Yosh muhandislar laboratoriyada 200 soatdan ortiq vaqt davomida tinimsiz izlanish olib borishdi va loyiha uchun 50 kvadrat metr maxsus qog‘oz sarflashdi. Bu shunchaki Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun qilingan urinish emas, balki aniq fanlar va ijodkorlikning mukammal uyg‘unligi edi. Ushbu ulkan samolyotning texnik parametrlari har qanday tajribali aviatsiya mutaxassisini hayratda qoldiradi. Uning qanotlari kengligi naq 20 metrga yetib, bu o‘rta hajmdagi yengil samolyotlar o‘lchami bilan bemalol bellasha oladi. Qurilmaning umumiy uzunligi 5 metrni, egallagan maydoni esa 12 kvadrat metrni tashkil etadi. Eng qizig‘i, ushbu ulkan konstruksiyaning umumiy og‘irligi atigi 28.5 kilogramm bo‘lib, uning tarkibidagi 3 kilogramm og‘irlik yuqori sifatli maxsus yelim hisobiga to‘g‘ri keladi. Samolyotning umumiy hajmi 8 kub metrni tashkil etadi, shundan 0.2 kub metri ichki havo bo‘shliqlaridir. Har bir detalning og‘irligi 0.2 grammdan 1.5 kilogrammgacha bo‘lgan qat’iy diapazonda o‘lchanib, o‘ta aniqlik bilan muvozanatlashtirilgan.
 
Muhandislik nuqtayi nazaridan “Icarus” murakkab ichki tuzilishga ega. Uning karkas tizimi 120 ta alohida qismdan iborat bo‘lib, havoda sinib ketmasligi uchun 40 dan ortiq mustahkamlovchi tayanch qisimlar bilan ta’minlangan. Samolyot havoda muvozanatni mukammal saqlashi uchun esa uning og‘irlik markazi qanot uzunligining aniq 30 foizli qismiga joylashtirildi. Qanotlar 5 darajali V-simon burchak ostida o‘rnatilib, 120 metr uzunlikdagi maxsus yopishqoq lenta bilan mahkamlangan va ularning chetlari havo oqimini yaxshilash uchun 45 darajali burchak ostida kesilgan. Konstruksiya havoga ko‘tarilishidan oldin uning mustahkamligi 20 kilogrammlik yuk bilan tekshirilgan va uning tebranish chastotasi 0.5 gersni tashkil etishi aniqlangan. Ushbu hisob-kitoblar oddiy materiallarni ham to‘g‘ri muhandislik yondashuvi bilan yuqori texnologik darajaga ko‘tarilish mumkinligini ko‘rsatmoqda hamda loyihaning boshqa texnikalardan ustun tomonlarini ochib bermoqda. Birinchidan, u to‘liq bioparchalanuvchi ekologik xomashyodan yasalgan bo‘lib, olimlar ushbu tabiiy materiallarning havodagi chidamliligi va uchuvchanlik imkoniyatlarini tadqiq qilmoqdalar. Ikkinchidan, 8 kub metr hajmga nisbatan atigi 28.5 kg vazn va past chastotali tebranish katta aviatsiya uchun yangi elastik konstruksion yechimlar beradi. Uchinchidan, loyihaning tannarxi bor-yo‘g‘i 1500 dollar bo‘lib, bu texnologiya kelajakda mikro-aviatsiyada ishlab chiqarish va sinov xarajatlarini 75-80 foizgacha qisqartirishi kutilmoqda.
 
"We Make Future" festivalida o‘tkazilgan tarixiy parvoz paytida mo‘jizaviy Icarus 59 metr masofani muvaffaqiyatli bosib o‘tdi. Parvoz davomida samolyot erishgan eng yuqori balandlik 3 metrni, havoda muallaq turish vaqti esa 4.5 soniyani tashkil etdi. Ushbu natijaga erishish uchun 25 yoshgacha bo‘lgan jamoa a’zolari 10 xil aerodinamik shaklni sinchiklab tahlil qilishdi. Loyihalashtirish davomida 300 dan ortiq turli materiallar laboratoriyada sinaldi, 60 dan ortiq texnik chizma va 100 ga yaqin computer modellashtirish ishlari olib borildi. Shamol tezligi soniyasiga 0.5 metrdan oshmagan ideal ob-havo sharoitida, 15 nafar muhandis ishtirokida 48 soatlik uzluksiz sinovlar o‘tkazildi. Kompyuter hisob-kitoblari muvaffaqiyat ehtimolini 85 foiz deb ko‘rsatgan bo‘lsa-da, real sinovda bu ko‘rsatkich 98 foiz samaradorlikni qayd etdi. “Icarus” loyihasi bugungi kunda shunchaki rekordchi samolyot emas, balki yengil aviatsiya va aerodinamika sohasidagi yangi ilmiy metodologiyaning tamal toshidir.
 
Ushbu muvaffaqiyat butun dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq universitet laboratoriyalari uchun chinakam ilhom manbaiga aylandi. Hozirda 200 nafar yosh olim ushbu tajribaga tayangan holda yangi modellar ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, 80 dan ortiq nufuzli ilmiy-texnik nashrlarda ushbu loyiha haqida ilmiy maqolalar chop yetilmoqda. Italiyalik Yosh muhandislar mazkur ixtirosi bilan 50 dan ortiq xalqaro va mahalliy tanlovlarda mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
 
 

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar