Bosh sahifa O'zbekiston Aholi farovonligini oshirishning yangi tizimi belgilandi
O'zbekiston
Nuqtayi nazar
Moliya

Aholi farovonligini oshirishning yangi tizimi belgilandi

  • 16.07.2026 / 17:59
  • 1456
  • 0
111

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo'lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha eng og‘riqli muammolar o‘rtaga tashlanib, ularning aniq yechimlari belgilab berildi. Davlatimiz rahbari hududlarga katta resurslar ajratilganiga qaramay, joylarda tashabbus va mas’uliyat yetishmayotganini jiddiy tanqid qildi. Xususan, joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarning o‘ziga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilgan bo‘lsa-da, imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Hokim va mahalla raislarining vakolatlari kengayishi natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 barobargacha ko‘paydi va tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoldi. Ammo tahlillar ko‘plab mahallalarda muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatdi. Birgina Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgani sohadagi kamchiliklarni yaqqol namoyon etdi. Shuningdek, “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib chiqmagan.

Yig‘ilishda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash borasidagi sustkashliklar ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Oxirgi olti oyda banklar tomonidan mikroloyihalar uchun 18,5 trillion soʻm resurs ajratilib, 110 mingta loyiha doirasida 259 ming odam band qilingan bo‘lsa-da, 47 ta mahallada bor-yoʻgʻi 2 tadan kichik loyiha ishga tushirilgan. Ayrim tumanlarda amalga oshirilgan loyihalarda kambagʻal oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmagan bo‘lsa, 960 ta kambagʻal oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib loyiha qilish choralarini ko‘rmagan. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani va ishni to‘g‘ri tashkil etolmagani sababli yil boshidan buyon 152 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi hamda yana 700 nafariga intizomiy jazo choralari ko‘rildi.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun yig‘ilishda bir qator tizimli yechimlar va yangi tartiblar joriy etildi. Mahalla raisining vakolatlari keskin kuchaytirilib, u endi hokim yordamchisi, soliqchi va mahalla bankiri kabi “yettilik” a’zolarining ish rejalarini tasdiqlaydi va ijrosini nazorat qiladi. Mahalladagi ijtimoiy va tozalik muammolarini hal qilishga xizmat qiladigan loyihalar uchun “yettilik”ka 10 million so‘mdan grant berilishi belgilandi va bu maqsadlarga jami 240 milliard so‘m resurs yo‘naltiriladi. Mahallalar budjetini yanada mustahkamlash maqsadida noturar obyektlardan tushadigan yer va mulk solig‘ining 5 foizi bevosita mahallaga qoldiriladigan bo‘ldi. Buning hisobidan mahallalar ixtiyorida yiliga qo‘shimcha 400 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Shuningdek, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot berilishi e’lon qilindi va bu yil jami budjet tushumlari 1 trillion 600 milliard so‘mga yetkazilishi rejalashtirildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida oilaviy loyihalar uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs ajratildi hamda “og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi. Bank tizimini isloh qilish maqsadida bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladigan bo‘ldi va qisqa muddatda 400 nafar yangi yosh bankirlar saralab olinadi. Ijtimoiy sohada ham katta islohotlar boshlanib, asossiz rad etish holatlariga barham berish uchun ijtimoiy reyestr nazorati qat’iylashtirildi. Yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash va uyda parvarishlash kabi 25 turdagi xizmatlar mahalla darajasiga tushiriladi va 250 ta mahallada kunduzgi parvarish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar