Futbol dunyosi faqatgina yashil maydonda kechadigan oddiy o‘yin emas, balki avlodlar almashinuvi va insoniy irodaning oliy ifodasidir. Ispaniya hamda Portugaliya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuv mana shunday unutilmas voqelikka aylandi. Bu bahs maydonda tirik afsona Krishtianu Ronaldu va futbolning porloq kelajagi sifatida e’tirof etilayotgan yosh iqtidor Lamin Yamal o‘rtasidagi o‘ziga xos ramziy qarama-qarshilikka aylandi.
Bahsning asosiy vaqti tugab, hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+1-daqiqada ispaniyalik hujumchi Marino tomonidan kiritilgan gol nafaqat Ronaldu uchun, balki butun Portugaliya xalqi uchun nihoyatda qimmatga tushdi va kutilmagan zarba bo‘ldi. Bu vaziyatni na til bilan va na qalam bilan ta’riflab bo‘ladi. Stadionni chulg‘ab olgan og‘ir sukut va millionlab insonlarning qalbidagi kuchli og‘riq mana shu birgina daqiqa ichida jamlangan edi. Marinoning so‘nggi soniyalardagi goli portugallarning musobaqadagi yurishini to‘xtatgan bo‘lsa-da, ularning maydonda ko‘rsatgan jasoratini aslo kamaytira olmaydi.
Ushbu final hushtagi yangragandan so‘ng Krishtianu Ronalduning ko‘z yoshlarini ko‘rish butun dunyodagi futbol ahli qatori mashhur murabbiy Zinedin Zidanning ham yuragini qattiq og‘ritdi. Madridning «Real» klubi sobiq bosh murabbiyi o‘z chiqishida Ronalduning bu yig‘isi ortida shaxsiy ambitsiyalar emas, balki butun boshli vatanining taqdiri turganini qayd etdi. Zidan o‘z yurtini mana shunday yurakdan sevadigan va 41 yoshida ham bor vujudi bilan to‘p suradigan boshqa bir insonni topish imkonsiz ekanligini ta’kidladi. Jahon kubogini yutish buyuk natija bo‘lsa-da, u futbolchining qanchalik buyukligini belgilovchi yagona mezon emas.
Krishtianu Ronalduning futbol olamida qoldirayotgan merosi raqamlar va tilsimli statistikalarda yaqqol aks etadi. U rasmiy o‘yinlarda 976 dan ortiq gol kiritgan dunyo tarixidagi yagona futbolchidir. Krishtianu Yevropa Chempionlar Ligasida 183 ta uchrashuvda 140 ta gol va 42 ta golli uzatma bilan turnirning mutlaq rekordchisi hisoblanadi. Klublar miqyosida u «Sporting»da 5, «Manchester Yunayted»da 145, «Real Madrid»da 450, «Yuventus»da 101 va «Al-Nasr»da 129 gol urib, umumiy hisobda 1200 dan ziyod rasmiy o‘yin o‘tkazib, 33 ta jamoaviy sovringa ega chiqqan. Terma jamoa safida 210 dan ortiq uchrashuvda 130 dan ortiq gol rasmiylashtirgan. Faoliyati davomida 5 marotaba «Oltin to‘p» va 4 marotaba «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritgan.
Lamin Yamal esa futbolning yangi sahifasi bo‘lib, u Yevro-2024 musobaqasida 16 yoshu 362 kunligida maydonga tushib, turnir tarixidagi eng yosh futbolchi va Fransiya darvozasini ishg‘ol etib, eng yosh gol muallifi sifatida rekord o‘rnatdi. Yamal turnir davomida 4 ta golli uzatma amalga oshirib, musobaqaning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Zinedin Zidan o‘zining Jahon chempioni bo‘lganiga qaramay, Ronalduning darajasiga havas qilishini yashirmadi. U Krishtianudek 25 yil davomida to‘xtamasdan, bir xil yuqori tempda o‘ynash o‘z qo‘lidan kelmaganini ochiq tan oldi.
Zidanning fikricha, yillar o‘tib odamlar Ronalduni faqat kuboklari bilan eslashmaydi; uni futbolga olib kirgan yangicha ruhiyati, tinimsiz mehnati va matonati uchun qadrlashadi. Shu sababli, Ispaniya bilan o‘yindagi mag‘lubiyat va so‘nggi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol Ronalduning tarixdagi eng buyuk futbolchi ekanligini aslo o‘zgartira olmaydi.
Samandar Pardaboyev tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!