Rossiya armiyasining Ukrainadagi front chizig‘ida jang qilayotgan bo‘linmalari og‘ir moddiy-texnik ta’minot inqirozi va insoniy sharoitlar yo‘qligi tufayli isyon ko‘tarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan navbatdagi videomurojaatda harbiylar o‘z qo‘mondonligi tomonidan tashlab qo‘yilganini oshkor qilishdi.
«Bizni shunchaki yo‘q qilishyapti, tiriklay qirib yuborishyapti. Bu shaxsan mening va mana shu yerda turgan yigitlarning fikri. Xizmatni boshlaganimizda 150 kishi edik, mana, butun bir tarkibdan qolganimiz shu. Uch oydan beri tinimsiz jang qilyapmiz, ammo shu vaqt ichida biror marta ham va’da qilingan maoshni olganimiz yo‘q. Endi esa oldimizga kelib: "Yigitlar, yana oldingi chiziqqa qaytish kerak", deyishyapti», — deydi askarlardan biri.
Askarlarning so‘zlariga ko‘ra, eng oddiy hayotiy ehtiyojlar ham ta’minlanmagan va frontdagi holat juda ayanchli. «Bizni yana o‘sha go‘shtqiymalagichga — avval bo‘lgan joyimizga qaytarmoqchi bo‘lishyapti. U yerdan esa hech kim tirik qaytmaydi. Chunki oldingi chiziqda bizga na ichishga suv, na yeyishga oziq-ovqat yetkazib berildi. Og‘ir yaradorlar evakuatsiya qilinmadi, halok bo‘lgan safdoshlarimizning jasadlari esa hanuzgacha o‘sha yerda chirib yotibdi. Shunday dahshatli buyruqlar berilyaptiki, ularni umuman bajarish kerak emas edi. Shu sabablar tufayli biz endi jangovar vazifalarni bajarishga borishni butunlay rad etamiz».
Harbiylar orqaga chekinish ham ular uchun hayotiy xavf tug‘dirayotganini qo‘shimcha qilishgan. «Mana, biz shu yerdamiz. Oldingi chiziqdan tirik qaytgan barcha yigitlar shu yerda. Agar safimizdan yana kimdir halok bo‘lsa, u frontda emas, balki o‘zimiznikilar tomonidan otib tashlanadi».
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!