Himolay tog‘larida ilm-fan uchun yangi bo‘lgan, tashqi ko‘rinishi bilan kishini hayratga soladigan o‘ziga xos jonzot topildi. Hindistondagi O‘rmon tadqiqot instituti (FRI) va Tabiiy tarix mintaqaviy muzeyi olimlari Uttarakxand tog‘larida olib borilgan navbatdagi ekspeditsiya chog‘ida o‘rgamchaklarning noyob turini aniqlashdi.
Tadqiqotchilar ushbu o‘rgamchakka «Theridion himalayana» — «Himolay baxtiyor yuzli o‘rgamchagi» deb nom berishdi. Bunga sabab, jonzotning qorin qismida tabiat tomonidan chizilgan, xuddi insonni kulib turgandek ifodalovchi yorqin naqshlar mavjudligidir. Bunday ko‘rinish olimlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.
Tadqiqot guruhi aʼzosi Devi Priyadarshinining taʼkidlashicha, bu ajoyib kashfiyot aslida tasodifan yuz bergan. Olimlar hududda chumolilar populyatsiyasini o‘rganish bilan band bo‘lishgan. Biroq kuzatuv jarayonida eʼtiborni tortgan kichkina o‘rgamchak jamoani yana-da chuqurroq izlanishga undadi. Ko‘p o‘tmay, mazkur tur avvallari faqat Havayi orollarida uchraydigan va dunyoga mashhur bo‘lgan «kuluvchi» o‘rgamchaklarga hayratlanarli darajada o‘xshashligi maʼlum bo‘ldi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu turning Himolay tizmalarida topilishi biologiya olamida katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat mintaqa faunasining boyligidan darak beradi, balki tog‘li hududlardagi evolyutsion jarayonlar va bioxilma-xillikni chuqurroq o‘rganish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirda olimlar ushbu o‘rgamchaklarning yashash tarzi, oziqlanishi va nima uchun aynan shunday shakldagi “tabassum” niqobiga ega bo‘lganini aniqlash ustida ishlashmoqda. Mazkur topilma Himolayning sirli tabiati hali ko‘plab kashfiyotlarga boy ekanini yana bir bor isbotladi.
Xaydarova Donoxon tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!