Bosh sahifa O'zbekiston Pinar Yasar: “O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish tezligi hayratlanarli”
O'zbekiston
Jahon
Iqtisodiyot

Pinar Yasar: “O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish tezligi hayratlanarli”

  • 14.03.2026 / 14:03
  • 109
  • 0
111

Jahon banki vakili O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni kutilganidan tez kechayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda salmoqli natijalar qayd etilgan.

Jahon banki O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi tez sur’atni yuqori baholamoqda. Bu haqda tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Pinar Yasar ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro moliyaviy institut bir yil avval O‘zbekiston 2026–2027-yillardayoq JST a’zoligiga bu qadar yaqinlashishini kutmagan. Biroq so‘nggi yillarda muzokaralar jarayonida sezilarli natijalarga erishilgan. Pinar Yasarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayoni “juda yaxshi” sur’atda davom etmoqda. Jahon banki bu jarayonda hukumatga texnik yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Iqtisodiy ta’sir

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, JSTga a’zolik O‘zbekiston iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashkilotning mamlakat iqtisodiy memorandumida shu haqda baho berilgan.

Hujjatga muvofiq, a’zolik mamlakat yalpi ichki mahsulotini taxminan 17 foizga oshirishi mumkin. Shuningdek, kambag‘allik darajasi 1,6 foiz punktiga qisqarishi kutilmoqda. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Xususan, 2025 -yilda iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etgan, inflyatsiya sekinlashgan va kambag‘allik darajasi pasaygan.

O‘zgarishlar

Jahon banki vakili davlat korxonalari va davlat banklarining iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirish hamda xususiy sektor uchun teng raqobat muhitini yaratish zarurligini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirga qadar qariyb 2000 ta davlat korxonasi faoliyat yuritadi. Ular mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 30 foiziga teng tushumni ta’minlaydi. Ekspertlar fikricha, davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar