Bosh sahifa Jahon Neft narxi 2022 yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi
Jahon
Iqtisodiyot

Neft narxi 2022 yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi

  • 09.03.2026 / 11:49
  • 121
  • 0
111

Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavflar global neft bozorida keskin sakrashni keltirib chiqardi. Jahon neft bozorida keskin o‘sish kuzatilib, Brent markali neft narxi 2022-yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi. Dushanba, 9 mart kuni Yevropa savdolari boshida Brent fyucherslari qariyb 20 foizga oshib, bir barrel uchun 111 dollardan yuqori darajaga yetdi. AQSHning West Texas Intermediate (WTI) nefti ham 16 foizdan ortiq qimmatlashib, 106 dollar atrofida savdoga qo‘yildi.

 

AQSH prezidentining munosabati

AQSH prezidenti Donald Tramp jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: «Neft narxlarining qisqa muddatli oshishi — Eronning yadroviy tahdidi bartaraf etilgach tezda pasayib ketadigan holat. Bu AQSH va butun dunyo xavfsizligi hamda tinchligi uchun to‘lanadigan juda kichik narxdir. Boshqacha o‘ylaydiganlar faqat ahmoqlardir!» —  deya munosabat bildirdi

 

Neft narxining oshishiga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi omillari

Narxlarning bunday keskin o‘sishiga asosiy sabab sifatida Hormuz bo‘g‘ozining yopilib qolishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ko‘rilmoqda. Tinch davrda ushbu strategik bo‘g‘oz orqali har kuni dunyo neft ta’minotining taxminan 20 foizi tashiladi. Shuningdek, u Qatarning suyultirilgan tabiiy gaz eksporti uchun ham asosiy yo‘lak hisoblanadi.

So‘nggi haftalarda Fors ko‘rfazi atrofidagi xavfsizlik vaziyati keskinlashgani sababli neft tashuvchi tankerlar harakati sezilarli darajada sekinlashdi. Bu esa bozorda ta’minot uzilishi xavfini kuchaytirdi.

 

Urush va infratuzilmaga zarbalar

2026 yil 28 fevralda AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi boshlangan harbiy harakatlar neft bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Urush boshlangan paytda neft narxi taxminan 70 dollar atrofida edi. Bir necha kun ichida esa bozorda keskin o‘zgarish kuzatildi. 7 mart kuni Isroil birinchi marta Eronning neft infratuzilmasiga aviazarba berdi. Tehron va uning atrofidagi bir nechta energetika obyektlari nishonga olindi. Bunga javoban Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obyektlariga zarba berish bilan tahdid qildi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar nizo yanada kengaysa, neft narxi bir barrel uchun 200 dollargacha ko‘tarilishi ehtimoli ham istisno emas.

 

Bozordagi siyosiy signallar

Bozorga ta’sir ko‘rsatayotgan yana bir omil — Erondagi siyosiy o‘zgarishlardir. 8 mart kuni Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi Oliy rahbari sifatida tayinlandi. Bu voqea investorlar orasida urush tez orada tugamasligi haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati neft narxini barqarorlashtirish uchun Rossiya neftiga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni vaqtincha yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Vashington Hindiston neftni qayta ishlash zavodlariga tankerlarda allaqachon yuklangan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berdi.

 

Muqobil manbalar izlanmoqda

AQSH ma’muriyati neft ta’minotidagi ehtimoliy tanqislikni yumshatish uchun Venesuela neft zaxiralariga ham umid qilmoqda. Biroq ekspertlar mamlakat neft sanoati infratuzilmasi uzoq yillik inqiroz sabab jiddiy zarar ko‘rganini ta’kidlamoqda. Shu sababli Venesuela qisqa muddatda jahon bozorida yuzaga kelgan neft taqchilligini qoplash imkoniga ega emas. Natijada global bozordagi noaniqlik saqlanib qolmoqda.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar