O‘zbekiston tashqi savdoda yangi rekordlarni qayd etmoqda. Yanvar oyidagi ko‘rsatkichlar eksport geografiyasi va hajmida kutilmagan o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar oyida O‘zbekistonning eksport hajmi 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 26,7 foizga yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar va xomashyo yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi mavqei mustahkamlanayotganini anglatadi.
TOP-10 davlatlar ro‘yxati
Eksport yo‘nalishlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi yetakchilikni qo‘ldan bermayapti. Ushbu davlatga bir oy ichida 325,8 million dollarlik mahsulot yuborilgan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy Xalq Respublikasi qayd etilgan bo‘lib, eksport hajmi 178,1 million dollarni tashkil etdi. Afg‘oniston esa 136,7 million dollar bilan kuchli uchlikni yakunlab bergan.
Yevropa davlatlari orasida Fransiya 103,6 million dollarlik ko‘rsatkich bilan yuqori o‘rinni egalladi. Shuningdek, Turkiya (84,3 mln) va Qozog‘iston (81,6 mln) O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari sifatida qolmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo aloqalari ham 45 million dollardan ortiq qiymatga ega bo‘ldi.
Ro‘yxatning quyi pog‘onalaridan Birlashgan Arab Amirliklari (41,4 mln) va AQSH (32,1 mln) joy olgan. Bu raqamlar O‘zbekiston mahsulotlari nafaqat mintaqaviy, balki global bozorlarda ham o‘z xaridorlarini topayotganini ko‘rsatadi
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!