– 1.5 stavka shifokor bo‘lib ishlayman. Yarim stavkamni mening roziligimsiz olib qo‘yishlari mumkinmi?
– MKning 432-moddasiga asosan o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishidir. MKning 435-moddasiga asosan o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilish mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Asosiy ish to‘g‘risida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan xodimning ichki o‘rindoshligi chog‘ida xodim bilan o‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risida alohida mehnat shartnomasi tuziladi.
Bu degani ish beruvchi sizni ishga olayotganda 1 stavkaga olgan. Sababi 1.5 stavka ishga ola olmaydi. Shunda 1 stavka asosiy, qolgan 0.5 stavka o‘rindoshlik asosida bo‘ladi.
Endi savol tug‘iladi shu 0.5 stavkani ish beruvchi sizning roziligingizsiz olib qo‘ysa bo‘ladimi?
MKning 441-moddasi 1-qismi birinchi bandiga ko‘ra, mazkur ishga o‘zi uchun asosiy ish joyi bo‘lgan xodim qabul qilingan taqdirda, ish beruvchi bu haqda o‘rindoshni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida ikki hafta oldin yozma shaklda ogohlantiradi yoxud mutanosib miqdorda pulli kompensatsiya to‘lagan holda o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish mumkinligi belgilangan.
Ya’ni mazkur ishga asosiy ishchi qabul qilingan taqdirda ish beruvchi xodimni yo 2 hafta oldin yozma ravishda ogohlantiradi yoki mazkur 2 haftalik muddatga sizga pullik kompensatsiya to‘lab beradi. Bu holatda arizangiz ham, roziligingiz ham talab qilinmaydi.
Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, MKning 442-moddasiga asosan mehnat 441-moddasida nazarda tutilgan qo‘shimcha asoslar bo‘yicha bekor qilinganida xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasi ikki haftalik o‘rtacha ish haqi miqdorida to‘lanadi. Ya’ni bu vaziyatda sizga ishdan bo‘shatish nafaqasi ham to‘lanishi lozim.
Javob @yuristgamurojaat telegram kanalidan olindi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!