Bosh sahifa O'zbekiston Diplom bor, ish yo‘q yoxud nega yuristlar ish topishda qiynaladi?
O'zbekiston
Nuqtayi nazar
Jamiyat
Huquq

Diplom bor, ish yo‘q yoxud nega yuristlar ish topishda qiynaladi?

  • 07.02.2026 / 12:00
  • 67
  • 0
111


Joriy yilda 17 ta OTMda yurisprudensiya yo‘nalishi o‘qitilyapti. Oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, kunduzgi ta’limda 5–6 ming, kechki ta’limda 1,5–2 ming, sirtqi ta’lim shaklida esa 3–3,5 ming nafar talaba tahsil olyapti. Bu mehnat bozorida raqobat yanada kuchayishini anglatadi. Endi bu sohada faqat diplom emas, amalda ishlay oladigan bilim va ko‘nikma hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. O‘rinli savol tug‘iladi: xo‘sh, har yili yurisprudensiya yo‘nalishin bitirayotgan minglab talabalar o‘z sohasida ishlayaptimi?


Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha hisobda bitta tumanga 20–30 nafar huquqshunos kerak bo‘lar ekan. Bu faqat sudya yoki prokuror emas, balki advokat, notarius, davlat idorasidagi va xususiy sektordagi huquqshunoslarni ham qamrab oladi. Aholisi ko‘p va iqtisodiy faolligi yuqori hududlarda esa bu ehtiyoj 40–50 nafargacha yetishi mumkin. 200 dan ortiq tuman va shahar mavjudligini hisobga olsak, O‘zbekistonga kamida 5–6 ming nafar yurisprudensiya mutaxassisi zarur. Shu bois, yuridik yo‘nalishga ajratilayotgan kvotalar ortiqcha emas, balki real ehtiyojdan kelib chiqayapti, deyish mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, TDYUU har yili mamlakatimizda o‘n minglab huquqshunos mutaxassislar yetishib chiqqan. Agar o‘rtacha hisobda har yili 2–3 ming nafar huquqshunos diplom olganini inobatga olsak, 1991yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda 50 mingdan ortiq mutaxassis huquq tizimiga kirib kelganini taxmin qilish mumkin.
Agar bugungi kunda O‘zbekistonga real ehtiyoj sifatida 5–6 ming nafar faol yurist yetarli bo‘lsa, unda tabiiy savol tug‘iladi: o‘tgan yillarda tayyorlangan 50 mingdan ortiq yurist qayerda? Javob shuki, ularning katta qismi huquq tizimida ishlamayapti. Kimdir boshqa sohalarga ketgan, kimdir menejer yoki tadbirkorga aylangan, yana kimdir umuman mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmagan.

Agar hozirgi qabul kvotalari va ta’lim tizimi deyarli o‘zgarmasa, 2030 yilga borib O‘zbekistonda 100 mingga yaqin, 2040 yilga kelib esa 200 mingdan ortiq yurist faoliyat yuritishi mumkin. Bu raqamlar oddiy statistika emas, balki kelajakdagi jiddiy savolni qo‘yadi: shuncha huquqshunos qayerda va qanday ishlaydi? Hatto davlat tizimida yuristlarga bo‘lgan ehtiyoj oshgan taqdirda ham, kelasi 10 yil ichida taxminan 50–60 ming nafar yurist ortiqcha bo‘lib qolishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, muammo faqat ish o‘rinlari sonida emas, balki yuridik ta’limni real bozorga moslashtirishda. Aks holda, diplomlar ko‘payadi, ammo mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan yuristlar soni baribir cheklangan bo‘lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, yurisprudensiya bugun faqat sud yoki davlat idoralariga borib ishlash bilan cheklanadigan soha emas. Huquqiy bilim xususiy kompaniyalar, bank va moliya tizimi, IT va startaplar, kadrlar bo‘limlari, nodavlat tashkilotlar, media va tahlil sohalarida ham kerak. Ammo bu imkoniyatlar hamma uchun ham ochiq emas.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, agar bitirayotgan yuristning bilim va amaliy ko‘nikmasi yetarli bo‘lmasa, u mehnat bozorida raqobat qila olmaydi. Natijada esa ko‘plab yoshlar o‘z mutaxassisligidan butunlay uzoqlashib, boshqa sohalarga majburan o‘tadi, past maoshli ishlarga rozi bo‘ladi yoki diplomini amalda ishlata olmaydi. Natijada yuridik ta’limga sarflangan yillar va mablag‘ o‘zini oqlamay qolishi mumkin.

Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, asosiy muammo — yuridik ta’lim mehnat bozoridan uzilib qolgan. Shu boisdan ham diplomli yurist ish topolmaydi. Bu borada asosiy muammo sifatida quyidagilarni sanash mumkin. Amaliy ko‘nikma yo‘q, hamma bir xil yo‘nalishda, ya’ni “Sudya bo‘laman”, “Prokuror bo‘laman” degan maqsadda o‘qiydi. Ammo bu tizimlarda ish o‘rinlari cheklangan. Zamonaviy sohalar – IT, fintex, startap, compliance, data protection, xalqaro shartnomalar, korporativ huquq kabi yo‘nalishlarda ishlash uchun esa ham til bilish, ham zamonaviy bilim egasi bo‘lish kerak. Bu esa tabiiyki, qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab qiladi. 
Eng muhim savol: agar hozirgi tizim o‘zgarmasa, kelajakda nima bo‘ladi?
Tahlilchilarning fikricha, 2030 yilga borib yuristlar ehtiyoj kam bo‘lgan kasb egalariga aylanishi, 2040 yilga borib esa yuristlarning diplomlar qadrsizlanishi, 2050 yilllarda yoshlar bu sohaga bo‘lgan qiziqishlari pasayib, qiziqishlari yo‘qolishi mumkin. 
Shu sababli yurist faqat diplomga tayanadigan emas, balki o‘qib, o‘z ustida ishlagan, amaliy tajriba to‘plagan va zamonga moslashgan bo‘lishi kerak. Aks holda, yurisprudensiya imkoniyat emas, balki og‘ir raqobat va umidsizlik manbaiga aylanib qolishi mumkin.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar