2025-yil 27–28-oktabr kunlari qadimiy Samarqand shahri butun dunyo yosh yetakchilarini birlashtiruvchi yirik xalqaro maydonga aylanadi. Bu safar shahar 14-UNESCO Yoshlar Forumi mezboni sifatida “Iqlim harakati va uning ijtimoiy ta’siri, ayniqsa yoshlar uchun” mavzusidagi muhim global tadbirga guvoh bo‘ladi. Forum UNESCO va O‘zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirning bosh maqsadi — yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi ishtirokini kuchaytirish, ularning innovatsion g‘oyalarini global miqyosda ilgari surish hamda barqaror kelajak yo‘lidagi ovozini yanada balandroq eshittirishdir.
Samarqandda madaniyat va do‘stlik ruhi bilan boshlanadi
26-oktabr kuni forum ishtirokchilari uchun shahar bo‘ylab madaniy sayohat va interaktiv “Icebreaker” tanlovi tashkil etildi. Kechga yaqin O‘zbekiston San’at va madaniyat jamg‘armasi tashabbusi bilan “Bag‘rikenglik kemasi” nomli xalqaro san’at loyihasi doirasida kontsert o‘tkazildi. Ushbu ijodiy loyiha turli mamlakatlardan kelgan bolalarni san’at vositasida tinchlik, do‘stlik va mehr g‘oyalarida birlashtirdi.
“Generation of Action” – harakat avlodi sahnada
Forumning tantanali ochilish marosimi 27-oktabr kuni “Generation of Action” (“Harakat avlodi”) shiori ostida o‘tadi. Marosimda UNESCO va O‘zbekiston hukumati vakillari, shuningdek Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya va Braziliyadan yosh iqlim yetakchilari ishtirok etadi.
Ochilishda so‘zga chiqadiganlar orasida:
Lidia Arthur Brito, UNESCOning tabiiy fanlar bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari;
Elmurod Najimov, Prezident Administratsiyasining Ijodiy iqtisodiyot va turizm departamenti boshlig‘i o‘rinbosari;
Alisher Sa’dullayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori.
Ular yoshlarning iqlim bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslari, innovatsion fikrlari va global siyosatdagi o‘rni haqida so‘z yuritadilar.
G‘oyalar, startaplar va harakat chaqiriqlari
Forum davomida yoshlar o‘z startaplari, ijtimoiy loyihalari hamda ekologik tashabbuslarini taqdim etadilar. 28-oktabr kuni esa “Youth Recommendations and Calls to Action” sessiyasi o‘tkazilib, ishtirokchilar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ishlab chiqadilar. Ushbu hujjat keyinchalik UNESCO Bosh konferensiyasiga yoshlar tavsiyalari sifatida taqdim etiladi.
Kun yakunida “Project Cafe” doirasida dunyo bo‘ylab tanlab olingan eng yaxshi yoshlar loyihalari muhokama qilinadi. Forum “Youth Forum Outcomes” – “Yoshlar forumi natijalari” hujjatining taqdimoti bilan yakunlanadi.
Madaniyat kechasi – do‘stlik ohangida yakun
Forum yakunida ishtirokchilar o‘z taassurotlarini baham ko‘radilar va birgalikda ishlab chiqilgan yakuniy qarorlarni taqdim etadilar. Tadbir o‘zbekistonlik mezbonlar tomonidan tashkil etilgan “Musical Evening” — musiqa va madaniyat kechasi bilan yakunlanadi. Kecha xalqaro do‘stlik va madaniy almashinuv ruhini mujassam etadi.
UNESCO va O‘zbekiston – yangi ufqlar sari
Samarqanddagi 14-Yoshlar Forumi O‘zbekistonning yoshlar siyosati, xalqaro hamkorlik va barqaror rivojlanishga bo‘lgan e’tiborining yorqin ko‘rinishidir. So‘nggi yillarda mamlakat UNESCO bilan hamkorlikda ta’lim, madaniyat, raqamli innovatsiyalar va yoshlar siyosati yo‘nalishlarida qator yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Bu yilgi Forum esa ushbu hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib, O‘zbekiston yoshlarini global qarorlar jarayoniga faol jalb etish yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida tarixda qoladi.
Zarina Axmedova
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!