Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan uchrashuvda qator muammolar o‘rtaga tashlandi.
Xususan, subsidiyalar bo‘yicha qator masalalarga e’tibor qaratildi.
Fermerlar tomonidan bildirilgan asosiy muammolardan biri — 2024 yil hosili uchun paxta terimiga ajratilgan mablag‘larning haligacha to‘lab berilmayotgani. Jumladan, paxta terim mashinalari orqali yig‘ib olingan hosil uchun har kilosi 250 so‘mdan davlat tomonidan qoplab berilishi va’da qilingan. Tegishli ro‘yxat shakllantirilib, Respublika darajasiga taqdim etilgan bo‘lsa-da, o‘tgan yil terilgan paxta uchun ushbu mablag‘lar haligacha fermerlarga qaytarilmagan.
Vaholanki, fermerlar tomonidan kombayn orqali yig‘im-terim uchun kilosi 1300 so‘mdan to‘lov amalga oshirilgan.
Shuningdek, fermer o‘z murojaatida 2024 yilda 23 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgani va bu bo‘yicha barcha subsidiyalarni o‘z vaqtida olganini ta’kidladi. Biroq 2024 yil dekabr oyida elektr energiyasi xarajatlarini to‘liq qoplash bo‘yicha ariza taqdim etilgan, tegishli vazirlik tomonidan 2025 yil fevral oyida ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa-da, hozirgacha mablag‘ berilmagan.
Fermerning so‘zlariga ko‘ra, masala yuzasidan bir necha bor murojaat qilinganda, avval 110-lik maxsus hisob raqami ochish talab qilingan, keyin esa 320-lik hisob raqam ochish shartligi bildirilgan. Ammo fermer hisob raqam o‘zgartirish to‘g‘risida rasmiy ravishda hech qanday xabarnoma olmagan. Natijada, barcha xarajatlar o‘zi tomonidan qoplanmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yil holatida 85 000 dan ortiq fermer xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan 10 500 yaqinini fermer xo‘jaliklari, 74 900 dan ko‘prog‘ini klasterlar tarkibidagi fermer xo‘jaliklari tashkil etadi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!