2024 yil mart oyida Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanidagi Bekobod qishlog‘ini Xonobod shahridagi “A.Navoiy” mahallasi bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli aniqlandi.
Ushbu tunnel orqali tovar va moddiy boyliklarni qonunsiz ravishda mamlakatga olib kirish va olib chiqish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi mazkur tunnel orqali O‘zbekistonga umumiy qiymati 5 mlrd 954 mln so‘m bo‘lgan 812 dona mobil telefonni olib kirgan. Shuningdek, u O‘zbekistondan 1 kg 734 gramm nostandart quyma oltin buyumlarni (qiymati 1 mlrd 558 mln so‘m) Qirg‘izistonga olib chiqishga uringan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Qo‘shimcha surishtiruvlar natijasida Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi uning 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda tunnel orqali olib kirilgan mollar — jami qiymati 2 mlrd 839 mln so‘mga teng 1380 dona mobil telefon, 32 dona quloqchin, 920 dona adapter, 338 dona USB-C kabel va 40 dona quvvatlagich aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur tunnel 18-20 metr chuqurlikda, 60-70 sm kenglikda va 170-180 sm balandlikda bo‘lib, uzunligi taxminan 300-350 metrni tashkil qilgan.
Tergov davomida jinoiy guruhga Qirg‘iziston fuqarosi rahbarlik qilgani va guruh a’zolari o‘rtasida aniq vazifalar taqsimlangani ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi Qirg‘iziston fuqarosini Jinoyat kodeksining 182 va 223-moddalari asosida aybdor deb topib, 6 yil ozodlikdan mahrum qildi. Unga sheriklik qilgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi esa Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, har biri 5 yil muddatga qamaldi.
Sud hukmiga asosan, tunnellar yopilib, qonunsiz yo‘l bilan keltirilgan tovarlar hamda “A.Navoiy” mahallasidagi xonadonlar davlat foydasiga musodara qilindi. Ikkinchi yashirin tunnel ham sud qaroriga ko‘ra yo‘q qilindi.
Tergov davomida ushbu tunnellar orqali olib kirilgan mobil telefonlar Andijon va Toshkentdagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilgani ma’lum bo‘lib, bu yo‘nalishda ham hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!