Joriy yilning 23-24 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni davlatimiz rahbari kutib oldi.
Ikki kunlik tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va oliy martabali mehmon ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi va "Zamonlar sadosi" ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Qayd etish joizki, turkman xalqining milliy yetakchisini O‘zbekiston Respublikasining "Oliy Darajali Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Gurbanguli Berdimuhamedovning katta qizi O‘g‘iljahon Ataboyeva, mas’ul vazirliklar, Respublika hamda viloyat turkman madaniyat markazlarining a’zolari va O‘zbekistonda yashayotgan bir qator turkmanlar faol ishtirok etdi. Shuningdek, so‘zga chiqqan Respublika turkman madaniyat markazi rahbari, Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati Guldana Avezdurdiyaning ikki tilda so‘zlagan nutqi barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.
- Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko‘lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘liq, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Bu tashrif ikki qardosh xalqning do‘stlik va strategik sherikligini yanada mustahkamlash uchun katta qadam bo‘ldi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!