Bosh sahifa O'zbekiston XALQ MЕHRINI QOZONGAN SAN’AT 
O'zbekiston
Jahon
Iqtisodiyot

XALQ MЕHRINI QOZONGAN SAN’AT 

  • 26.02.2025 / 22:38
  • 3331
  • 0
111

 Bugungi kunda folklor-etnografik jamoalari xalqimizning qadimiy an’analari, xalq og‘zaki ijodining noyob namunalarini saqlashda, ularga sayqal berib, yana xalqimizning o‘ziga qaytarishda jonbozlik va fidoyilik ko‘rsatuvchi ijodiy laboratoriya vazifasini o‘tab kelmoqda. 

 Inson qaysi jamiyatda yashamasin, u turli moddiy va ma’naviy qadriyatlar qurshovida bo‘lib, o‘z turmush tarzi, munosabati va xatti-harakati, xulq-odobi va urf-odatlarini namoyon etadi. Odam ibtidosidan boshlab son-sanoqsiz qadriyatlar olamida yashab kelmoqda. Umumbashariy, milliy va shaxsiy qadriyatlar majmuasi mavjuddir. Quyosh, yer, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosidan iborat umumbashariy tabiiy qadriyatlar jamiyat va inson bo‘lmasa ham yashay oladi, ammo inson bu qadriyatlarsiz yashay olmaydi. Qadriyat “inson va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha”dir. 

 Ma’naviy-axloq qadriyatlarning jamiyat, xalq hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Bunda ayniqsa, umuminsoniy qadriyatlar alohida o‘rin tutadi. Umuminsoniy qadriyatlar sermazmun va serqirra bo‘lib, ijtimoiy ma’no kasb etadi. Milliy qadriyatlar umuminsoniy qadriyatlar bilan har bir shaxsga xos bo‘lgan qadriyatlarni bog‘lovchi xalqalardan biri, jamiyat va uning fuqarolarini komillikka yo‘naltiruvchi ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili milliy, ma’naviy va axloqiy qadriyatlardir. 

 So‘nggi yillarda folklor-etnografik jamoalar repertuarida milliy qadriyatlar va an’anaviy marosimlarining vositasi bo‘lmish mehr-muruvvat, saxovat va insoniy fazilatlarni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari shakllandi. Yuzaga kelgan ijodiy erkinlik, ruhiy yangilanish folklor asarlarini hayotga yanada keng targ‘ib qilish jarayonini boshladi. Masalan, xalqimiz badiiy salohiyatining eng go‘zal namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan umumxalq shodiyonasi – Navro‘zi olam bilan bog‘liq qo‘shiqlar, udumlar va marosimlar qayta tiklandi. Navro‘z bayramining kelib chiqish tarixi, taraqqiyot bosqichlari, uning tarkibidagi folklor asarlarini badiiy xususiyatlari, bayramni o‘tkazilishi bilan bog‘liq lokal belgilar ro‘yobga chiqdi. “Yil boshi”, “Qozon to‘ldi”, “Sumalak pishirish”, “Hashar uyushtirish”, “Lola sayli”, “Gul sayli” kabi o‘zligimizni tarannum etuvchi qadimiy udumlarimiz yana hayotga qaytdi. 

 Asrlar davomida shakllantirib va rivojlantirib kelingan an’ana va marosimlarda, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat kabi xislatlarni o‘zida jamlagan milliy dunyoqarashning asosiy unsurlari o‘z mujassamini topgan. Xalq og‘zaki ijodi - milliy g‘urur, or-nomus va qadr-qimmat, vafo va sadoqat, jasorat va matonat, olijanoblik va saxovatpeshalik, g‘amxo‘rlik, mehmondo‘stlik, qon-qarindoshlik va o‘zaro yordam, oila sharafini va ayollar sha’nini saqlash, hayotdan ko‘z yumgan uzoq-yaqin kishilar xotirasini yodga olish, bag‘rikenglik va halollik kabi fazilatlar sandig‘idir. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi yodgorliklari - bizning ham tarixiy, ham ma’naviy, ham madaniy, ham huquqiy merosimizdir.

 

Qurbonnazarova Fotima Maktab O'quvchisi

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar