Bugungi kunda deyarli hamma Ginnes rekordlar kitobi haqida eshitgan. Ushbu kitob eng ko‘p sotiladigan kitoblardan biri (Bibliyadan keyin) hisoblanadi. Ushbu g‘oyaning noyob muvaffaqiyat tarixi Ginnes pivosini ishlab chiqaruvchilardan biri Xyu Biverga tegishli.
1951 yilda «Voksford» kompaniyasi mahalliy ovchilar uchun tashkil etgan kechki ovqatga «Ginnes»ning boshqaruvchi-direktori Xyu Biver ham tashrif buyuradi. Qiziqqon Xyu mehmonlardan biri bilan tilla rang rjanka dunyodagi eng tez uchadigan qush ekanligi borasida tortishib qoladi. Baxs qanday yakunlanganligi noma’lum, lekin bu masala oradan bir qancha vaqt o‘tib, yana ko‘tariladi. Bu safar tilla rang rjanka tezroq uchadimi yoki Shotlandiya kakligi degan masala muhokama mavzusiga aylanadi.
Ana o‘shanda janob Biver bunday jumboqlarni hal etish uchun maxsus ma’lumotnoma bo‘lishi kerak degan qarorga keladi. Negaki, odamlar rasmiy biror manbaga ega bo‘lmay turib soatlab va besamar baxslashaverishlari mumkin. Oxir-oqibat tomonlar o‘z fikrini ma’qullagancha qolaveradi.
Kompaniya rahbari o‘ziga xos bunday ma’lumotnomalar Ginnes kompaniyasi tomonidan tarqatilsa, yomon bo‘lmasdi, degan xayolga boradi. Pivo ensiklopediyasi ustida ishlash Norris va Rossi Makuirterlarga topshiriladi. Ko‘p sonli faktlar to‘planib, saralanadi va har biri mutaxassis tasdig‘idan o‘tkaziladi. Bularning hammasi uchun bir yil vaqt kerak bo‘lgan. 1955 yil 27 avgustda birinchi marta 198 sahifali nashr dunyo yuzini ko‘radi. Keyinroq u «Ginnes rekordlari kitobi» nomini oladi. Birinchi bor kitob bosish sohasida olamshumul roman yoki detektiv asar emas, balki oddiy ensiklopedik ma’lumotnoma dovrug‘ qozonadi. Qizig‘i, dunyodagi eng ko‘p o‘g‘irlanadigan kitob sifatida ushbu kitob "Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan — u har yili 2700 marta o‘g‘irlanar ekan.
Qurbonnazarova Fotima Yangihayot tumani
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!