Ishga kelib internetdan bir hikoyani o‘qib qoldim. Ishoning kuni bilan o‘zimdan, fitratimdan xafa bo‘ldim. Bugungi kunning eng dolzarb mavzusiga mos ushbu hayotiy voqeani sizlar bilan ham bo‘lishgim keldi.
9 daraja sovuqda 4,8 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tgan 8 yoshli maktab o‘quvchisining internetni «portlatgan» hikoyasi...
Xitoyning maktab o‘qituvchisi internetga joylagan o‘quvchining surati nafaqat internetni balki mening vijdonimni ham portlatdi desam to‘g‘ri bo‘lardi.
Xitoylik Vang Fuman ismli bolakay juda kambag‘al oiladan va u o‘qishni qashshoqlikdan qutulishning yagona yo‘li deb hisoblaydi. U har kuni maktabga deyarli 5 kilometr piyoda boradi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni ertalab havo harorati 30 daqiqa ichida 9 darajaga tushib ketgan, ammo bola bosh kiyimsiz va yengil kurtka kiygan holda 4,8 kilometr piyoda yurib borgan. Shu kuni uning maktabida imtihon bo‘lishi kerak bo‘lgan. Bola imtihonga ulgurib 100dan 99 ballni qo‘lga kiritgan. Vangning o‘qituvchisi muzlab imtihonga ulgurib, qahramonlik ko‘rsatgan o‘quvchisini shu holida suratga olib o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylaydi. Va ushbu surat internet foydalanuvchilarini bolaning taqdiriga befarq qoldirmadi, ular bir necha kun ichida 3 million yuan (450 ming AQSH dollar) ortiq pul yig‘ishdi. Yig‘ilgan pul maktablarni isitish, bola yashaydigan Yuvang provinsiyasining kambag‘al bolalari uchun isitish moslamalari va issiq kiyim-kechak sotib olishga yetdi. Vangning maktabiga esa laboratoriya, kompyuter sinflari bilan jihozlab berilgan. Ushbu mablag‘lar evaziga maktab yonidan uzoqdan qatnaydigan Vang singari bolalar uchun issiq yotoqxona qurib berildi. Maktabning mablag‘i kam bo‘lgani uchun Xitoyning chekka provinsiyalaridagi maktablarida ham isitishga sharoit yo‘q, shu sababdan sinflar isitilmaydi, bolalar ustki kiyimda darsda o‘tirishadi. Vang Fuman esa buvisi va singlisi bilan juda yomon ahvolda yashaydi. Uning hatto issiq kiyimga mablag‘i yetarli emas. Boz ustiga bola surunkali gipotermiyadan aziyat chekar ekan – bu doimiy sovuqdan kelib chiqqan issiqlik yetishmovchiligi. Bundan uning qo‘llari shishib, barmoqlari itoat qilmaydi. Mashhur bo‘lib ketgan boladan olingan intervyuda Vang kambag‘al bolalarni sovuqdan qutqarish uchun pul yig‘ishga yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildirdi va ulg‘aygach, hammaning haqini qaytarishga va’da berdi.
Bilasizmi gohida, hozirgi avlod yoshlari juda irodasiz, qiyinchiliklarga biz kabi, dosh berolmaydi deya ko‘p gapiramiz. Men yoshlik paytimni esladim va biron marta havo sovuq bo‘lganligi sababli ota –onam meni maktabdan olib qolishganligini esla olmayman. Bugun, mahallamizda ko‘pchilik bolalar havo sovuq deya maktabga borishmadi. Agarda, har bir ona, bolasini me’yoridan oshiq avaylasa, ularni hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlardan himoya qilsa, ertaga bizning kelajagimiz irodasiz va hayotiy zarbalarga tez taslim bo‘lib ulg‘ayadigan ojiz farzandlar qo‘lida qolmaydimi?!
Aslida, biz ko‘rayotgan hayotimizdagi bu holatlardan chiqishning yagona yo‘li ilm olish, deya uqtirishimiz ularni ko‘proq ilm olishga chorlaganimiz manfaatliroqdir.
Zarina Axmedova
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!