Bosh sahifa O'zbekiston Asanovning yozishicha:
O'zbekiston
Jahon
Nuqtayi nazar

Asanovning yozishicha:

  • 25.12.2024 / 04:02
  • 6125
  • 0
111

O‘rta asr olimlarining til bilimi borasidagi postim (https://t.me/AsanovEldar/5508), xususan, u yerda Moturidiyning arab tilidagi muammolari tilga olingani tufayli ba’zi birovlar, aniqrog‘i, radikal olomon shaytonlab, mazasi qochib, ishtonini boshiga kiyib dodvoy qilayotgani qulog‘imga chalinib qoldi. Bir-ikki e’tirozli postlarga ko‘z tashladim — doimgiday, biror jiddiy qarshi argument, bosiqlik bilan aytilgan e’tiroz yo‘q, hammasi quruq haqorat, ortiqcha pafosga berilib yig‘i-sig‘i qilish, "men hech balo bilmayman, lekin sen adashyapsan" qabilidagi "protest", kulgili darajada sodda "prikol" qilishga urinish va hokazolar; ba’zilari lichkamga yozib, tahdid qilish darajasiga ham bordi (tabiiyki, javob yozishim yoki qo‘ng‘iroq qilishim bilanoq bloklab, qochib qolishdi), ammo, umuman olganda, bu g‘avg‘oga e’tibor bermadim — hasharotlarga sarflaydigan vaqtim yo‘q.

Ammo Ixtiyor Marg‘iloniy ismli bir kishi, yuqoridagilardan farqli ravishda, juda chiroyli, asosli raddiya yozibdi (boshi bu yerda (https://t.me/ixtiyormargiloniy/1808)). Uning bu raddiyasi uchun minnatdorlik bildiraman — e’tibor qilib, vaqt sarflaganiga va chiroyli javob berganiga. Profilida yozilishicha, o‘zi ham tadqiqotchi ekan; tadqiqotchilarning fikrini albatta inobatga olaman, ayniqsa ortiqcha his-tuyg‘u, haqoratlarsiz, asoslari bilan bo‘lsa.

O‘zim moturidiyshunos bo‘lmaganim bois bu masalada bahsga kirishib o‘tirmayman. Birinchidan, tadqiqot meniki emas — men birovning tadqiqotini o‘qib, undagi bir xulosani keltirganman xolos, shu bois raddiya aslida Ulrix Rudolfga berilyapti deb hisoblaymiz (aslida buni bir post holida emas, ilmiy maqola qilib chiqarilsa, ilm-fandagi qarash ham o‘zgarishi mumkin); ikkinchidan, Moturidiyning arabchani qay darajada bilib-bilmagani shaxsan men uchun ahamiyatli bir masala emas — Rudolf adashgan bo‘lsa, uning arabchasi rostdan zo‘r bo‘lsa, bu xulosani ham bajonudil qabul qilaman. Menga haqorat yomg‘irini yog‘dirib yotgan radikal olomondan farqli ravishda, bu men uchun his-tuyg‘u, g‘urur bilan bog‘liq masala emas, shunchaki o‘tmish kartinasini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan bir detal xolos.

So‘zim yakunida yana ikkita mulohaza:

- Ixtiyor Marg‘iloniy baribir andak ikkiyuzlamachilik qilganini aytishim kerak: u "Moturidiyning tili yomon emas, aslida juda mukammal va murakkabligi uchun tushunish qiyin bo‘lgan" deyapti; uning mutaxassisligi nima, bilmadim, ammo arabchani bilsa va Moturidiyni originalda o‘qisa, gap uning tili mukammaligida emasligini tan olgan bo‘lardi;

- post e’tirozlarga sabab bo‘lgach, Ulrixdan o‘qiganlarimni aniqlashtirish uchun o‘zbekistonlik va tojikistonlik arabshunos va islomshunoslarga murojaat qildim; ular "Kitob at-tavhid"ning tili rostdan yaxshi emasligini, bu akademik sohada yaxshi ma’lumligini, ammo ko‘plar ochiq aytishga qo‘rqishini aytdi — radikal olomondan cho‘chib qolishgan shekilli, hatto Rudolfning kitobini o‘zbekcha nashr qilishda bu bilan bog‘liq parchani (va yana boshqa ba’zi "noqulay" qismlarni) olib tashlashgan ekan. Olimlar "Kitob at-tavhid"ning tili bilan bog‘liq holatni ikki xil talqin qiladi: ba’zilar, Rudolf kabi, Moturidiy arabchani yaxshi bilmagan desa, ba’zilar kitob dastavval forscha yozilib, keyin arabchaga sifatsiz tarjima qilinganini aytadi (Pazdaviy bu kitobni yozishda Moturidiy forscha o‘ylab, arabcha yozgan degan, masalan). Mana shunday ikkita qarash bor ekan do‘stlar, o‘rganganim shu bo‘ldi.

 

Ixtiyor Marg‘iloniyning raddiyasida yana bitta noo‘rin gap bor: "fikr bildirishdan oldin avval arabchani o‘rgan, qo‘lyozma o‘qi, keyin gapir" qabilidagi e’tiroz. Bu gapni odatda ilm-fan qanday tuzilganidan bexabar odamlar aytadi. Har qanday tadqiqotchi olim biladiki, ilm-fan juda katta, ixtisosliklar juda ko‘p, bir olim hammasini qamrab ololmaydi. Hamma ma’lum zamonni, makonni o‘ziga mutaxassislik, tadqiqot obyekti qilib oladi va shuni o‘rganadi. Hatto sharqshunoslarning ham hammasi arabcha, turkcha va forschani bilmaydi — odatda shu tillardan bittasini mukammal o‘rganib, o‘sha tildagi qo‘lyozmalarni o‘qiydi. Boshqa tillardagi manbalar, ixtisosligi bo‘lmagan davrlar haqida gap ketganida esa tegishli mutaxassislarning tadqiqotlariga asoslanib gapiradi va yozadi. Ilmiy nashrlar o‘zi shu uchun — bir kishi qamrab ololmaydigan bilimlarni akademik davralarga osonroq shaklda yetkazish uchun kerak.

Mening ixtisosligim — islomgacha bo‘lgan davr. Lekin men "avval ko‘kturk, so‘g‘d, uyg‘ur xatlarini va tillarini o‘rgan, manbalarini o‘qi, keyin gapir" demayman; shu tillarni biladigan, manbalarini o‘girgan va nashr qilgan tadqiqotchilarga tayanishni talab qilaman. Islom davri haqida gapirsam, o‘zim ham shu davr mutaxassislariga tayanaman.

Endi savol tug‘iladi: hatto bugungi rivojlangan zamonda butun hayotini ilmga bag‘ishlagan odamlarning ko‘pchiligi bir nechta tilni mukammal egallay olmaydi ekan, o‘tmishdan bunday mukammallik talab qilish to‘g‘rimikan?

O‘tmishdagi til bilimi haqidagi postlarim aslida yaxshi masalani ko‘tardi va jamiyatdagi muammolarni ochib berdi deb o‘ylayman. Bizda tarixni muqaddas sigir qilib olishgan — uning ideal kartinasini chizib, bundan biroz og‘ishganlarni salkam qatl qilishga tayyor agressiya shakllantirilgan. Bu milliy va diniy tarix mifiga ko‘ra, o‘tmishdagi hamma buyuk bobolar mukammal, kam-ko‘stsiz insonlar, biror kamchiligi borligini qabul qilib bo‘lmaydi; dushmanlar, aksincha, qop-qora, biror yutug‘i va ijobiy tomoni yo‘q yaratiqlardir.

Aslida esa manbalarni o‘qisangiz, sifatli tadqiqotlarni o‘qisangiz, real kartina murakkabroq bo‘lganini ko‘rasiz. Til masalasida ham shunday — "hamma uch tilni mukammal bilgan" degan mif nomi bilan bir mifdir. Men hali Ibn Sino va Moturidiy haqidagi fikrlarni keltirdim, yana boshqalaram borki, ularni eshitib, kimlardir infarkt bo‘lib qolmasin deb, indamayman.

"Tilni mukammal/yaxshi bilmagan" degan narsani ham to‘g‘ri tushunish kerak. Bu "tvoya-moya" darajasida bilgan degani emas. Albatta, aksariyat ziyoli tillarni yozadigan darajada o‘rgangan. Hozir ham ingliz tilida yozish uchun uni mukammal bilish shartmas — intermediate bo‘libam o‘qib, yozib yurganlar ko‘p; keragida lug‘atdan yoki muharrir xizmatidan foydalanadi. Lekin ularning inglizchasi mukammal emasligi, lug‘at boyligi katta emasligi (o‘z sohasi terminologiyasi bilan cheklangani), inglizzabon odamga ba’zi gaplari g‘aliz tuyulishi ham tabiiy.

O‘tmishda ham shunaqa bo‘lgan: arabcha ma’lum bir darajada o‘rganilgan va so‘ng hamma o‘z ixtisosligi bo‘yicha yozib, o‘qib yurgan. Tilni mukammal bilish ba’zi sohalardagina talab qilingan (lug‘atshunoslik, mufassirlik kabi).

Bu narsalarni to‘g‘ri tushunish kerak. Bu buyuk bobolarning xizmatini, merosini yo‘qqa chiqarib qo‘ymaydi, ularni yomon odamga, yomon mutaxassisga aylantirib qo‘ymaydi, shunchaki afsonaviy, yarim ilohiy, kam-ko‘stsiz farishtalardan real shaxslarga aylantiradi, aksincha, ularning mehnati qay darajada og‘ir bo‘lganini ko‘rsatib, merosining qadrini oshiradi.

Ziyolilar, siyosiy elita millatning tarixini yozaman deb uni ortiqcha ideallashtirib, shu holida keng ommaga taqdim etgani bir kuni o‘zining boshida kaltak bo‘lib sinadi: real kartinadan bexabar olomon ulardan ham mukammallikni talab qiladi, yarim afsonaviy tarixni g‘urur masalasiga aylantiradi, qolaversa, akademik davralar uchun tabiiy va odatiy bo‘lgan bahslarga ham aralashib, ideal kartinaga zid kelgan har qanday fikrni cheklab, o‘z senzurasini o‘rnatadi. Shunga bunday kayfiyatlarni olovlantirishdan, ilmiy diskursda olomon kayfiyatiga moslashishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Ilm-fanni olimlarga qo‘yib berish kerak.


Bundan qiladigan xulosam: Ibn Sino arab tilini yaxshi darajada bilgan, ammo mukammallikka yetmagan. Saroydagi majlisda tanqid eshitgach, bu unga og‘ir botib, uch yil davomida til ustida ishlagan va mukammallikka erishgan. Yana qanday xulosa qilish mumkin bu matndan? Aminov aytganidek, "mot qilish uchun aytilgan asossiz ayblov, aslida unaqa emas" deb hisoblashga sabab bo‘lajak biror gap bormi bu yerda? Menimcha, yo‘q. "Risolai sarguzasht" to‘lig‘icha ishonchli manba, unda ortiqcha mubolag‘a yo‘q, deb hisoblagan taqdirimizda ham, Aminov keltirgan, Ibn Sinoning shogirdi qog‘ozga tushirgan shu manbaning o‘ziyoq mening gaplarimni tasdiqlab turibdi. Ya’ni tanqidlarga sabab bo‘lgan postimda Ibn Sinoning rasmiy tarjimayi holida keltirilgan fikrni takrorlaganman xolos, o‘zimdan biror narsa qo‘shmaganman.

Yana bir masala. Buni uchinchi qarshi argument sifatida keltirmadim, ammo aytib o‘tishni joiz bildim. Abu Mansur ibn Ali Umar al-Jabboiy, Aminov aytganidek, "noma’lum bir odam" emas, o‘z zamonasining taniqli tilshunos olimi edi. U ham saroyda ishlar edi, hukmdor e’tiborini qozongan olimlardan edi. Tilshunosning Ibn Sinoning til bilimi haqidagi fikrini ham asossiz deb olamizmi? Menimcha, Aminov bu o‘rinda Ibn Sinoni oqlayman deb (aslida oqlash kerak bo‘lmagan bir masalada) ilmiy xolislik prinsiplaridan tamomila chiqib ketgan.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar