“Amerika Ovozi” radiosi fors tilidagi tahririyatining sobiq xodimi 42 yoshli Mehdi (Kianoosh) Sanjari Eron poytaxti Tehronda vafot etdi. Bu haqda "BBC" xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etgan. Kianoosh Sanjarining do‘stlari ham buni tasdiqlashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kianoosh Sanjari o‘limi oldidan “X” sahifasida shunday yozgan: “Hech kim o‘zini ifoda etgani uchun qamoqda bo‘lmasligi kerak. Norozilik Eronning har bir fuqarosining huquqidir. To‘rt mahbus – Fotima Seperi, Nasrin Shakrami, Tumay Solehiy va Arsham Rizoiy 13 noyabr soat 19:00 ga qadar ozod qilinmasa, o‘z jonimga qasd qilaman”.
Kianoosh Sanjari 1982-yil 11-sentyabrda Eronda tug‘ilgan. 2008-2013 yillarda "Amerika Ovozi"ning Fors yangiliklar tarmog‘ida, Boroumand fondida, Eron inson huquqlari tashkilotida ishlagan.
U 1999-2007 yillarda Eronda xavfsizlik kuchlari tomonidan bir necha bor hibsga olingan. U ikki yilni qamoqxonada o‘tkazgan, keyin Erondan Shimoliy Iroqqa qochib ketgan. U “Xalqaro Amnistiya” yordami bilan Norvegiyadan panoh topgan. 2016-yilgacha xorijdagi fors tilidagi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib, keksa onasini boqish uchun Eronga qaytadi. Mamlakatga qaytgach, u hibsga olinib, 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!