Kasallangan milk va tishlar Alsgeymer kasalligini keltirib chiqarishi aniqlandi.
Rossiyalik olimlar og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini aqli zaiflik kasalligi paydo bo‘lishiga olib keladigan omillar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda The Voice Mag jurnali xabar bermoqda.
Neyrodegenerativ kasalliklar bejizga eng xavfli va yashirin deb atalmaydi: ular markaziy asab tizimida rivojlanadi va hujayralar o‘limi mazkur jarayonni ortga qaytarib bo‘lmaydigan vaqtdagina aniqlanadi. Olimlar demensiyaning turli shakllarini avvaldan aniqlash va kasallikni erta davolashning yangi usullarini tinimsiz izlamoqda.
Jumladan, Н.И.Пирогов nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti nevrologi, Rossiya gerontologik tadqiqot-klinik markazi laboratoriyasining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Mariya Cherdak Alsgeymer kasalligining rivojlanish sabablaridan biri aniqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keksayganda ruhiy xastaliklar yuzaga kelishiga og‘iz bo‘shlig‘ida turli yallig‘lanishni keltirib chiqaradigan bakteriyalar sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassis ta’kidlashicha, tish va milklarning yallig‘lanish kasalliklari bilan og‘rigan odamlarda alsgeymer kasalligiga chalinish ehtimoli ko‘proqdir. Mazkur xastaliklarning o‘zaro bog‘liqlik mexanizmi hozircha to‘liq o‘rganilmagan. Biroq ushbu nazariya quyidagicha tushuntiriladi:
Og‘iz bo‘shlig‘i va tishlarda hosil bo‘ladigan mikroorganizmlar bevosita yoki tananing immun reaksiyasi orqali amiloid oqsilining ishlab chiqarish jarayonini boshlab yuborishi mumkin. Aynan shu oqsil bosh miya hujayralarining shikastlanishiga olib keladi va Alsgeymer kasalligini keltirib chiqaradi. Boshqa davlatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar ham og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi va neyrodegenerativ kasalliklarning rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik mavjudligini tasdiqlaydi. Doktor Cherdak keksalarga tish va milklar salomatligiga e’tiborli bo‘lishni va zarur bo‘lganda protez tishlar qo‘yishni tavsiya qildi. Chunki bosh miya kasalliklariga nafaqat infeksiya, balki tishlar yetishmasligi yoki kasallanishi sabab bo‘lishi mumkin.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!