Har oy jurnalimizning yangi soni bosmadan chiqqanida hamkasblarga ko‘ngildan – ehson tariqasida tarqatadigan odatimiz bor. Harna-da, ijodkor hamkasblarimiz biri o‘qib, biri o‘qiyolmay qolayapti. Bahramand bo‘lishsa, nimasi yomon? O‘zbekiston televideniyesida ham jurnalimizning muxlislari ko‘p. Kuni kecha an’anaga ko‘ra, O‘zbekiston televideniyesiga bosh rassomimiz Husan Sodiqov 10 dona jurnal olib borsa, har safar rassomni ko‘p kuttirmay shodlanib qorovulxonaga chopqillab tushib keladigan devonxonadagi ayollar telefon orqali: “Kechirasiz, “Mushtum”ni olib qololmaymiz. O‘tgan safar olib qolganimizga rosa gap eshitdik. Biz umuman obuna bo‘lmaganmiz, nega olib kelayapsizlar?..” – deb javob berishibdi.
Bosh rassom ehson jurnallarni ko‘tarib boshini egib ishxonaga kirib keldi.
Ushbu she’r shu asnoda tug‘ildi.
(Tanqidu hajvni xush ko‘rmaydiganlar tilidan)
Paxtachiga paxta kerak, maddohlarga shirin so‘z,
Tiriklarga havo kerak, o‘liklarga oppoq bo‘z,
Osmon bo‘lay desang, ukam, bulutlarga qo‘ling cho‘z,
Oyog‘ingni ostidagi sho‘rliklardan yumgin ko‘z:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
Qishloqlarda ko‘z ochmasdan ko‘z yummoqda bolalar,
Hayriyatki, yetib kelmas bizgacha oh-nolalar,
Shu faryodni yoritmoqda “Mushtum”dagi “bolalar”,
Undan ko‘ra ustudiyada o‘ynang “xola-xola”lar:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
Serialning rezinaday na toti bor, na tami,
Qayta-qayta qo‘yavergin, eling majbur ko‘rgani.
“Yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir?..” shuning g‘ami axir sengami?
Olayotgan pullaringning muhim “ravon” bo‘lgani:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
“Sharq yulduzi” qayda dema, “Yoshlik” qayda demagin,
O‘layotgan gazet, jurnal tashvishini yemagin,
Quriyotgan ko‘chatlarning yaqiniga bormagin,
Ko‘m-ko‘k baqvat chinorlarning soyasidan qolmagin:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
Mushtum desa, bokschining orqasidan yugur, chop,
Kerak bo‘lsa uch kun chopib, akalarning ko‘nglin top.
“Kutubxona?.. Kitob do‘kon?..” E, angraygan og‘zing yop!
Raqs tushgan, kuylayotgan, ha, o‘shalar bizlarbop:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
Bilsang, ukam, maqtaganlar murodiga yetadi,
Dod deganlar shuncha ko‘pki, kim dodiga yetadi?
Asalari asal tashib, imdodiga yetadi,
Uning nishin o‘ylamagin, oting hurkib ketadi:
Bizga tanqid kerak emas, shirin ermak kerakdir,
Bizga “Mushtum” kerak emas, bizga qarsak kerakdir!
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!