Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilgan bayonotda aytilishicha, Rishton tuman hokimining 2019 yil 22 iyuldagi farmoyishiga asosan, tumandagi Sanoat kasb-hunar kolleji binosi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qo‘shimcha bino sifatida foydalanish uchun berilgan.
“Viloyatimizda, jumladan, Rishton tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham yoshlarni har tomonlama barkamol inson qilib voyaga etkazish, ularning turli sohalardagi iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, qiziqishlarini o‘rganish va ta’lim sifatini ko‘tarish uchun o‘quvchilarimiz barcha imkoniyatlari mavjud bo‘lgan ta’lim muassasasida ta’lim-tarbiya olishga haqli. Rishton tumani Qozi-Ahror MFY da joylashgan xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining hozirgi kungacha faoliyat yuritib kelgan binosi 1971 yil 1050 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, maktabda ta’lim rus va o‘zbek tilida olib boriladi. Bugungi kunda maktabda 78 ta sinfda 2477 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.
Maktab mikrohududidan tashqari, ota-onalarning xohish-istagidan kelib chiqib maktabda ta’lim jarayonini rus hamda o‘zbek tillarida olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ushbu maktabda o‘z farzandlarini o‘qitish istagidagi ota-onalar safi yildan yilga ko‘payib kelgan. Mutaxassislar maktab hududiga qo‘shimcha binolar qurish imkoni borligini e’tirof etishgan. Loyihalash ishlarini amalga oshirish boshlanganda maktab ro‘parasidagi kollejdan foydalanish maqsadga muvofiq, deb topilgan. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida uzluksiz professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalasiga bag‘ishlab 2019 yil 15 iyulda o‘tkazilgan majlisda berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash to‘g‘risida”gi 14/1-244-sonli topshirig‘i, Farg‘ona viloyati hokimining 2019 19-avgust 281-sonli qarori, Rishton tuman hokimining 2019 yil 22 iyuldagi farmoyishiga asosan, Rishton tuman Sanoat kasb-hunar kolleji binosi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qo‘shimcha bino sifatida foydalanish uchun berildi.
2019-2020 o‘quv yilining sentyabr oyidan mazkur maktabning 830 nafar o‘quvchilari qo‘shimcha bino, ya’ni Rishton Sanoat kasb-hunar kollejining sinf xonalari, sport zali, oshxonasi hamda stadionidan foydalanib, o‘z bilim va ko‘nikmalari, intellektual salohiyatini oshirib kelmoqda.
Maktab 2020 yilda qo‘shimcha binolar qurish davlat dasturiga kiritilgan edi. Lekin maktabdan 50 metr oraliq masofada kollej binosi joylashganligi sababli yana davlat dasturiga kiritilmay qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 sentyabrdagi PF-5812-sonli farmonining 7-ilovasiga asosan, Rishton Sanoat kasb-hunar kolleji 2020-2021 o‘quv yilidan Rishton tuman 1-son kasb-hunar maktabi sifatida faoliyat yuritishi belgilangach, bu borada ayrim ota-onalar va maktab o‘quvchilari o‘rtasida tushunmovchiliklar paydo bo‘lgandi. Tushuntirish ishlari tufayli tushunmovchilik muammosi bartaraf qilingan. Rishton Sanoat kasb-hunar kolleji binosining 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qo‘shimcha bino sifatida foydalanish yuzasidan Rishton tuman xalq ta’limi bo‘limi va 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi yuqori tashkilotlarga murojaat qilgan. Bu masala viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoraga olingan. Dars jarayonlarida uzilishlar bo‘lmagan. Bugungi kunda maktab o‘quvchilari bir maromda, belgilangan tartibda o‘qishni davom ettirishmoqda”, deyiladi bayonotda.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!