Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Okibjon Inamov 13 dekabr kuni Koreya Respublikasining Jongbu universtiteti Xalqaro aloqalar departamenti direktori Minxi Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Namangan shahrida Jongbu universiteti filiali va unga muqobil ravishda xususiy xorijiy universitet ochish masalalari muhokama qilindi.
Janob Minxi Li Jongbu universiteti sohaviy mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos tajribaga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
“Faoliyatimizni boshlashimiz uchun bizga bino zarur. Agar shunday imkoniyat bo‘lsa, uni jihozlash, ta’mirlash, moslashtirish ishlarini boshlaymiz. Yoki bo‘lmasa vaqtinchalik binoda turib, o‘zimiz uchun bino qurish ishlarini boshlashimiz ham mumkin. 2020 yil sentyabr oyidan e’tiboran talabalarni qabul qilib, o‘qitishni boshlash niyatimiz bor. Biz axborot texnologiyalari, avtomobil muhandisligi, sanoat dizayni, turizm va mehmonxona menejmenti va koreys tili va adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beramiz. Talabalar 3+1 (3 yil O‘zbekistonda 1 yil Koreya respublikasida) yoki 2+2 tizimida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, dedi Minxi Li.
Shuningdek uchrashuv chog‘ida xususiy xorijiy universitet tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu variantda tashkil etilajak oliygoh, nafaqat Jongbu universiteti, balki Koreya Respublikasi boshqa nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!