Filmni suratga olgan kinorejissyor Andrey Konchalovskiyni yaqindan tanigan o‘zbek kinochisi Ulug‘bek Yo‘ldoshevning aytishicha¸ bu Alisher Usmonovning ilk prodyuserlik ishi emas.
Buyuk haykaltarosh¸ Uyg‘onish davrining daho san’atkori Mikelanjelo Buonarotti (1475-1564) iztiroblari aks etgan bu filmni 82 yashar rus-sovet kinochisi Andrey Konchalovskiy 3 yil mobaynida Italiyada suratga oldi.
Rossiya kinoprokatiga 14 noyabrda chiqarilgan film ilk marotaba joriy yilning 27 oktyabrida Italiyadagi XIV Rim xalqaro festivalida namoyish qilingan edi.
Kartina barcha davrlarning eng buyuk haykaltaroshi Mikelanjelo chekiga tushgan sinovlar va ijod mashaqqati haqida hikoya qiladi.
Kinorejissyor Konchalovskiynimng matbuotga bildirishicha¸ filmni suratga olish uchun bir milliard Rossiya rublidan sal ko‘proq (15 million evro) mablag‘ sarf bo‘lgan va bu pulni asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov ajratgan.
– Alisher Burhonovich bundan oldin o‘zbek kinochisi Elyor Eshmuhamedovning “Sevishganlar 2” filmi va yana bir asli o‘zbekistonlik kinochi Rustam Hamdamovnig “Tubsiz qop” filmini moliyalagan edi, – deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev. – Bu uch filmni birlashtirgan narsa ularning tijorat emas, balki abadiy san’at g‘oyasiga yo‘g‘rilganidir. Film boshidan oxirigacha Italiyaning Rim¸ Toskana va Karrara shaharlarida 3 yil mobaynida suratga olindi. Film uchun 600 ta kostyum tiktirildi. Shulardan 100 tasi mashhur chevarlar tarafidan qadimiy uslubda qo‘lda tikildi. Bularning hammasi uchun mablag‘ni yurtdoshimiz ajratdi. Shu bilan u dunyo kinosi durdonasi yaratilishiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, Konchalovskiyning ilk kinolaridan biri Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasi asosida edi. “Toshkent non shahri” filmida esa Shuhrat Abbosov bilan birga hammuallif bo‘lgan.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!