Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivlaridan Turkistondan Olmoniya oliy o‘quv yurtlariga yuborilgan yoshlar, ularni qo‘llash bo‘yicha Germaniyada tuzilgan madaniy komissiya, Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati, ayniqsa, Xayriniso Majidxonovaga oid hujjatlar topildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Yevropa davlatlaridagi safari davomida Berlinda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivida bo‘lgan. U ushbu muassasada o‘zbek xalqi va davlatchiligi, Turon-Turkiston tarixiga tegishli hujjatlar bor-yo‘qligi bilan qiziqqan.
“Arxiv mutassaddilari bu borada Tarix institutining intilishlarini qo‘llashlari, barcha sharoitlarni yaratib berishlarini bildirdilar hamda arxiv hujjatlari saqlanayotgan qimmatli va noyob jamg‘armalarni ham ko‘rsatdilar. Ularning orasida 20-yuzyillik yigirmanchi yillari yurtimizdan Germaniya oliy o‘quv yurtlariga yuborilgan yoshlar, ularni qo‘llash bo‘yicha Germaniyada tuzilgan madaniy komissiya, Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati, ayniqsa, Xayriniso Majidxonovaga oid hujjatlar ham chiqdi”, deyilgan xabarda.
Shundan so‘ng, akademik Azamat Ziyo Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivi mutasaddilari bilan ushbu muassasa va Germaniya Federal arxivi bilan hamkorlik masalasida kelishib olgan. Xo‘sh, bu hujjatlarda yurtdoshlarimizga oid qanday qimmatli ma’lumotlar bor? Fanlar akademiyasi ularni ochiqlaydimi? Ma’lumot uchun, Xayrinisa Majidxonova 1922 yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Turkiston Respublikasi "Ko‘mak" jamiyati tomonidan yo‘llangan 16 nafar talabaning biri edi.
U 1924-26 yillarda Darmshtadtdagi (Darmstadt) o‘qituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yo‘nalishida o‘qigan 1926-28-yillarda amaliyotni Berlin shahridagi o‘quv muassasalarida o‘tab, o‘rta maxsus ma’lumot olgani to‘g‘risidagi diplomni ham qo‘lga kiritgan. U Berlinda pedagogik amaliyot bilan bir paytda mashhur doktor Fekkelmanning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham tahsil oldi. Xayriniso Majidxonova 1928 yili O‘zbekistonga qaytib, Toshkentdagi Kasaba uyushmalari Markaziy Qo‘mitasi xodimlari jumhuriyat boshlang‘ich va umumta’lim o‘qituvchilarining dam olish uyida shifokor bo‘lib ishlay boshlagan. Ammo 1937 yilning 13 sentyabrida "1922-28 yillarda Germaniyada o‘qigan va 1928 yil SSSR hududiga josus sifatida qaytgan" degan soxta ayblov bilan Xayrinisa Majidxonova ham qamoqqa olinib, 1938 yilning 9 oktyabrida o‘limga hukm qilingan. U hatto oila qurishga ham ulgurmagan edi
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!