Milliy taomimiz bo‘lmish palov o‘zbek xonadonining fayzi va dasturxon ko‘rki hisoblanadi. U jamiyatdagi iqtisodiy holatni belgilovchi o‘ziga xos ko‘rsatkichga aylangani rostmi? Bozorlardagi masalliqlar narxi dasturxonimizdagi barakaga qay darajada taʼsir ko‘rsatmoqda?
Xususan, mamlakatimizning iqtisodiy markazi sanalgan Toshkent shahrida bir kilogramm osh damlash uchun xomashyo xarajatlari 122 543 so‘mga yetayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich vodiyliklar maskani — Farg‘ona viloyatida biroz moʻtadillashib, 120 287 so‘mni tashkil etmoqda.
Narxlar zanjiri bo‘ylab harakatlansak, azim Samarqandning mashhur oshlari uchun masalliqlar qiymati 118 049 so‘mga baholangan bir paytda, poytaxt bilan qo‘shni bo‘lgan Toshkent viloyatida ushbu raqamlar 117 407 so‘m ko‘rinishida shakllanmoqda. Janubiy vohalarda — Qashqadaryoda 116 268 so‘m, Surxondaryoda esa 115 925 so‘m bilan qozon qaynatish mumkinligi maʼlum bo‘ldi. Sanoatlashgan Navoiy viloyatida bir kilo palov xarajatlari 115 300 so‘mni, cho‘l bag‘ridagi bo‘ston — Jizzaxda 113 635 so‘mni hamda hunarmandlar shahri Namanganda 113 544 so‘mni tashkil etib, hududiy yaqinlik narxlardagi muvozanatni taʼminlamoqda.
Qadimiy Buxoro zaminida osh masalliqlari uchun 113 437 so‘m sarflanayotgan bo‘lsa, asriy anʼanalarga boy Xorazmda bu raqam 112 024 so‘mga tushganini ko‘rishimiz mumkin. Qizig‘i shundaki, aholi zich joylashgan Andijon viloyatida 111 241 so‘m va oq oltin yurti Sirdaryoda 109 092 so‘m bilan kifoyalanish mumkin bo‘lgan bir sharoitda, eng hamyonbop qozon Qoraqalpog‘iston Respublikasida osilmoqda, zero bu yerda bir kilo oshning qiymati 102 286 so‘mni tashkil etib, respublika bo‘yicha eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Ushbu raqamlar ortida o‘zbek oshining "oltin nisbati" deb qaraladigan — 1000 gramm guruch, 700 gramm lahm go‘sht, 1000 gramm shirin sabzi, 300 gramm piyoz va 300 ml o‘simlik yog‘i hamda taʼm beruvchi 100 gramm no‘xat, 10 gramm zira va 20 gramm tuz kabi masalliqlarning umumiy qiymati yashiringan.
Abdumo‘min Abdug‘aniyev tayyorladi.
O‘zJOKU talabasi
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!