Bosh sahifa Jahon Indoneziya ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Jahon
Jamiyat

Indoneziya ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

  • 11.03.2026 / 14:48
  • 48
  • 0
111

Indoneziya hukumati voyaga yetmaganlarni internet xavflaridan himoya qilish maqsadida keskin choralar ko‘rmoqchi. O‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari bloklanadi.

Indoneziya 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun «yuqori xavfli» deb topilgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni rasman taqiqlaydi (Mamlakatning Aloqa va raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, 2026 yil 28 martdan boshlab belgilangan yoshdan kichik bo‘lgan barcha foydalanuvchilarning akkauntlari bloklanadi. Taqiq ostiga tushgan «yuqori xavfli» platformalar ro‘yxatidan «YouTube», «TikTok», «Facebook», «Instagram», «Threads» va «X» kabi ommaviy tarmoqlar o‘rin olgan. Shuningdek, «Bigo Live» video striming xizmati va mashhur «Roblox» o‘yini ham ushbu cheklovlarga amal qilishi shart. Vazirlik ta’kidlashicha, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va barcha platformalar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi nazorat qilinadi. Bu chora Indoneziyadagi 280 millionlik aholining salmoqli qismiga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmiga yaqini internetdan faol foydalanib kelgan va endi ularning virtual faoliyati cheklanadi.

Yangi tartib va choralar

Yangi tartibga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar faqat maxsus «o‘z yoshiga moslab ishlab chiqilgan» tarmoqlardan foydalanishi mumkin. 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa «past xavfli» servislarga faqat ota-onasining rasmiy roziligi bilan kirishga ruxsat beriladi. E’tiborli jihati: qonunbuzilish holatlari uchun oilalar emas, balki yuqoridagi platformalarning o‘zlari javobgarlikka tortiladi. Nazorat tizimining qanday ishlashi hozircha ochiqlanmagan bo‘lsa-da, sanksiyalar tizimi ancha qattiq: rasmiy ogohlantirishdan tortib, yirik jarimalar va tarmoqni mamlakatda butunlay bloklashgacha bo‘lgan choralar ko‘zda tutilgan. Bu global korporatsiyalarni foydalanuvchilar yoshini tekshirishning yanada ishonchli usullarini ishlab chiqishga majbur qiladi.

Global tendensiya

Indoneziya bu borada birinchi emas. 2025 yilda Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan edi. Hozirda Yevropa parlamenti ham butun Ittifoq bo‘ylab yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Gretsiya kabi davlatlar ham shunga o‘xshash qonun loyihalarini ko‘rib chiqmoqda.

Ma’lumot uchun, «Reuters» agentligi so‘rovnomasiga ko‘ra, Indoneziyada yosh avlodning 87 foizi doimiy ravishda onlayn rejimda bo‘ladi.

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar