O‘zbekistonda IT-viza berish tartibiga yangi o‘zgartishlar kiritildi. Endi bir qator xorijiy investorlar, mutaxassislar va startap ishtirokchilari ham ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Adliya vazirligi axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga tavsiya berish tartibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartibga ko‘ra, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi bir qator xorijiy shaxslar IT-viza olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu orqali mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va IT sohasiga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish maqsad qilingan. Hujjatga muvofiq, IT-viza axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilariga ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, rezident kompaniyalarning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini bajarayotgan shaxslar, kollegial ijro organi raislari va ularning o‘rinbosarlari ham ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Kimlarga beriladi?
Yangi nizomga ko‘ra, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari va ularning mutaxassislari ham IT-viza oluvchilar qatoriga kiritildi. Bu o‘zgartish innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishda xorijiy mutaxassislar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan, axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilar ham IT-viza olish huquqiga ega bo‘ladi.
Yangi talablar
Nizomda IT-viza berish uchun bir qator aniq talablar ham belgilandi. Jumladan, xorijiy investor O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxsni kamida 30 ming AQSH dollari miqdorida moliyalashtirishi yoki ustav fondida shu miqdorda ulushga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, Texnopark rezidentining ta’sischisi hisoblangan jismoniy shaxs ham ushbu kompaniyaning ustav fondida kamida 30 ming AQSH dollari miqdorida ulushga ega bo‘lishi shart.
Ma’lumot uchun, IT-viza axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun mo‘ljallangan maxsus ish vizasi hisoblanadi. U orqali dasturchilar, dasturiy ta’minot muhandislari va boshqa IT mutaxassislari mamlakatda rasmiy faoliyat yuritishi mumkin.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!