«Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bugundan boshlab Saudiya Arabistonida umra ziyoratida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish maqsadida Jidda — Toshkent yo‘nalishida maxsus repatriatsiya reyslari amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaziyat sababli mamlakatdagi barcha aviakompaniyalarga alohida ogohlantirishga qadar fuqarolarni umra dasturi asosida Saudiya Arabistoniga olib borish vaqtincha to‘xtatish topshirilgan. Mazkur cheklov Toshkent — Jidda — Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlarga ham tatbiq etilgan. «Uzbekistan Airways» tomonidan amalga oshiriladigan repatriatsiya reyslari orqali umra safari bilan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan O‘zbekiston fuqarolari bosqichma-bosqich vatanga qaytariladi. Reyslar jadvali va tashkiliy masalalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik alohida e’lon qilinishi bildirilgan. Aviakompaniya mazkur choralar fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga Yaqin Sharq davlatlariga safarlarni hozircha rejalashtirmaslikni tavsiya etgan.
Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning keskinlashuvi hamda ayrim davlatlar tomonidan havo hududidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli xalqaro aviaqatnovlar harakatida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Natijada ko‘plab davlatlar fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham parvozlarning bekor qilinishi yoki kechiktirilishi, tranzit yo‘nalishlarining yopilishi hamda boshqa tashkiliy muammolar bilan to‘qnash kelmoqda.
Shu munosabat bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish va boshqa turdagi xorijiy safarlarni vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etildi.
M.Shavkatova tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!