Novosti Uzbekistana – Upl.uz sayti Toshkentda yo‘l-transport hodisalari (YTH) sodir etilishini poytaxt shaharlar – Moskva, Ostona va Minsk bilan qiyosiy tahlil qilibdi. Afsuski, tahlil 2025 yilda poytaxtimizda o‘rtacha har 413 nafar aholiga bitta YTH to‘g‘ri kelishini ko‘rsatgan. Rasmiy ochiq manbalar ma’lumotlariga tayanilgan tahlilda keyingi yillarda Toshkent jadal rivojlanayotgan poytaxt sifatida dunyoga iqtisodiy o‘sish va zamonaviy osmono‘par binolar qurilishini namoyish etayotgan bo‘lishiga qaramay, bu taraqqiyot fonida yo‘l harakati xavfsizligi uchun mas’ul xizmatlar faoliyati samarasiz tashkil etilgani aytilgan. Faoliyat obyektivlikni ta’minlash maqsadida har bir shahardagi yo‘l-transport hodisalari (YTH) umumiy sonining aholi soniga nisbati baholangan. Ma’lumot uchun: Toshkent aholisi rasmiy hisobda taxminan 2,7 mln nafarni, Minsk – qariyb 2 mln, Astana – 1,4 mln, Moskva esa – 13,3 mln nafarni tashkil etadi. Qiyosiy tahlilda shunday keltiriladi: “Ochiq ma’lumotlar portaliga ko‘ra, 2025 yilda Toshkentda 6 535 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, bu kuzatuvlar tarixidagi mutlaq antirekorddir. 2024 yilda 5 008 ta holat qayd etilganini hisobga olsak, yillik o‘sish 30 foizdan ortiqni tashkil etadi. Bu tanqidiy ko‘rsatkich amaldagi yo‘l xavfsizligi tizimi mavjud yuklamani uddalay olmayotganini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yilda poytaxtda o‘rtacha har 413 nafar aholiga bitta YTH to‘g‘ri kelgan. Ostonada esa vaziyat ikki baravar yaxshiroq ekani aytiladi. Qayd etilishicha, Ostonada 2025 yilning 11 oyi (noyabr oyi qo‘shilgan holda) davomida 1 821 ta YTH qayd etilgan. Bu oyiga o‘rtacha 165 ta hodisani tashkil qiladi. Yillik prognoz ko‘rsatkichi taxminan 1 986 ta avariyaga teng.
Demak, Ostonada har 705 nafar aholiga bitta YTH to‘g‘ri keladi. Bu yerda yo‘llardagi xavfsizlik darajasi O‘zbekiston poytaxtiga nisbatan qariyb ikki baravar yuqori degani. Minsk bo‘yicha esa 2025 yil uchun to‘liq ma’lumotlar hozircha ochiq manbalarda mavjud emasligi sababli, 2024 yil statistikasidan foydalandik. Belarus poytaxtining 1 992 862 nafar aholisiga atigi 644 ta yo‘l-transport hodisasi to‘g‘ri kelgan. Bu degani, har 3 095 nafar minsklikka bitta YTH to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Minskda yo‘l xavfsizligi holati Toshkentga nisbatan 7,5 baravar yaxshiroq ekanini namoyon etadi. Rossiya Federatsiyasining eng yirik megapolisi hisoblangan Moskvada 2025 yilda 8 161 ta YTH qayd etilgan. Oddiy arifmetik hisob-kitoblarga ko‘ra, har 1 630 nafar moskvalikka bitta yo‘l hodisasi to‘g‘ri keladi. Xavfsizlik bo‘yicha qiyosiy reyting (bitta YTHga to‘g‘ri keladigan aholi soni):
• Minsk — 1 YTH 3 095 nafarga;
• Moskva — 1 YTH 1 630 nafarga;
• Оstana — 1 YTH 705 nafarga;
• Toshkent — 1 YTH 413 nafarga (eng yomon ko‘rsatkich).
Afsuski, avtohalokatlar bilan bog‘liq har bir raqam ortida bir oilaning fojiasi yotibdi. “Idoralar hisobotlarida turli mahalliy yutuqlar ta’kidlanishi mumkin, ammo obyektiv statistika qat’iy: mas’ul xizmatlar fuqarolar hayotini himoya qilish bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajara olmayapti. Toshkent yo‘llarida tezlik me’yorini tizimli ravishda buzish holatlari qonunni ochiqchasiga masxara qilish darajasiga yetgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qoidabuzarlar o‘zlarining xavfli manyovrlarini ommaviy ravishda e’lon qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mutanosib darajada qattiq chora ko‘rmayotganidan foydalanib, jazosizlik hissini namoyon etmoqda. Ularning kulishi va namoyishkorona beparvoligi ortida shahrimiz aholisi va mehmonlarining haqiqiy hayoti turibdi. Qator jamoat arboblari va faollar qasddan qoidabuzarlik qiluvchi, atrofdagilar xavfsizligiga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lib, bu bilan maqtanayotgan shaxslarga nisbatan qonunchilikni keskin kuchaytirishga chaqirmoqda. Mansabdorlar va qonun chiqaruvchilar formal javoblardan amaliy choralarga o‘tishlari shart. Yo‘l infratuzilmasini va huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli, qat’iy va kechiktirmasdan takomillashtirish zarur.”, – deb keltiriladi tahlilda.
M. Karimova tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!