Istanbul havaskorlar ligasining final uchrashuvida («Mevlanakapi Guzelhisar» va «Istanbul Yurdum Spor» o‘rtasida) 22-daqiqada darvozabon to‘pni kuchli zarb bilan tepib, maydon ustidan uchib o‘tayotgan chag‘alayni bexosdan urib yubordi. Jonivor shu ondayoq hushsiz holda gazonga quladi.
Jamoa sardori G‘ani Katan zudlik bilan nafas olmay qo‘ygan qushning yoniga yugurib bordi va hech qanday ikkilanishsiz unga... yurak massaji qila boshladi! Taxminan ikki daqiqalik reanimatsiya harakatlaridan so‘ng chag‘alay ko‘zlarini ochib, o‘ziga keldi. Unga suv berishdi va shifokorlarga topshirishdi.
Hozirda qushning qanoti shikastlangan, ucha olmayapti, lekin mustaqil yura boshlagan va veterinarlar nazoratida davolanmoqda. Behosdan jonivorga shikast yetkazgan darvozabon esa qattiq shokka tushganini va qushning qayerdaligini aniqlasa, albatta borib xabar olishini aytgan.
Eng ta’sirli jihati, o‘sha kuni «Istanbul Yurdum Spor» klubi o‘yinda yutqazib, chempionlikdan quruq qoldi. Biroq qutqaruvchiga aylangan sardor bunga shunday munosabat bildirdi:
“Biz chempionlikni boy berdik, lekin bir jonzotning hayotini saqlab qolishga erishdik. Bu biz uchun har qanday chempionlikdan ko‘ra muhimroq edi”.
Internetdan olindi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!