“Russia Today”ning xabar berishicha, Peterburgda bolani qutqarib qolgan Xayrullo Ibodullayev Tigran Keosayan nomidagi mukofotni oldi. Ma’lum qilinishicha, mukofot puli — 1 million rubl (159 million so‘m)— allaqachon uning hisob raqamiga o‘tkazilgan. Xayrullo Ibadullayevning aytishicha, u pulni O‘zbekistondagi oilasiga yuborishni rejalashtirmoqda. Mablag‘ uy qurish va otasining davolanishiga sarflanadi. Uning to‘rt nafar farzandi bor, ularning barchasi qizlar. Avvalroq Sankt-Peterburgning Petrozavodskaya ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning yettinchi qavatidan bola qulab tushgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bola ochiq oyna yonida planshetda o‘ynab turgan, muvozanatini yo‘qotib, pastga sirpangan, ammo karnizga ilinib qolgan. Biroq u uzoq ushlab tura olmay, qo‘llari bo‘shab ketgan paytda shu yerlarni tozalayotgan yigit uni ushlab olgan. Shundan so‘ng u bolani pod’ezdga olib kirib, hushiga keltirishga uringan. Ko‘p o‘tmay, bolani tez yordam xizmati olib ketgan. Bolaning onasi — tadbirkor va podkastlar muallifi — voqea paytida oshxonada bo‘lgan. Uning o‘g‘lida autizm bor, u maxsus inklyuziv markazga qatnaydi, sport bilan shug‘ullanadi va defektolog bilan ishlaydi. Ilgari bola xonada yolg‘iz qolgan holatlar bo‘lgan, ammo hech qachon oynani ochmagan. Ayol o‘g‘lining yo‘qolganini 10 daqiqadan keyin payqagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bola reanimatsiya bo‘limida, ahvoli barqaror. Uning bir nechta suyaklari, jumladan oyog‘i singan, shuningdek, ichki a’zolari jarohat olgan. Xayrulloning o‘zi ham tan jarohati olgan. Eslatib o‘tamiz, kecha unga O‘zbekiston Prezidenti farmoniga binoan «Jasorat» medali berilgan edi. Muazzam Shavkatova tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!