Chempionlik poygasi avjida
APLda ketma-ket ikki durangdan keyin derbidagi muhim g‘alaba bilan o‘zini tiklab olgan “Arsenal” muxlislariga biroz bo‘lsa-da xotirjamlik taqdim etdi. Jamoa kuchli o‘yin ko‘rsatib, bosim ostida ham ochkolarni qo‘ldan chiqarmaslikni uddaladi. Chempionlik poygasida bunday o‘yinlar oltinga teng.
Biroq vaziyat hali ham to‘liq londonliklar foydasiga hal bo‘lgani yo‘q. Chunki, “Manchester City” 2ta “tuz karta”ni saqlab turibdi. Ularning birinchisi zaxira o‘yini — o‘z maydonida “Crystal Palace”ga qarshi o‘yin bo‘lsa, ikkinchisi hal qiluvchi to‘qnashuv, ya’ni “Etihad Stadium”da bo‘lib o‘tadigan aynan “Arsenal”ga qarshi chempionlik o‘yini.
Demak, omad hali ham “shaharliklar” qo‘lida. Ayniqsa, o‘z maydonida ular odatda juda ishonchli harakat qiladi. Futbolchilar ta’biri bilan aytganda bir zaxira o‘yini va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchiga qarshi bellashuv — bu chempionlik tenglamasida hal qiluvchi omillardir.
Endilikda bu ikki grandning har bir uchrashuvi final kabi ahamiyat kasb etadi. Har bir ochko, har bir gol, hatto to‘plar nisbati ham katta rol o‘ynashi mumkin. Xatolar esa kechirilmaydi. Psixologik bosim, taqvim zichligi, jarohatlar — barchasi chempionlik kurashiga ta’sir o‘tkazadi. Qisqacha aytganda, Premer-ligada chempionlik kurashi “yonadi”...
Shu bilan birga, Yevropa yo‘llanmalari uchun ham kurash qizg‘in. “Manchester United” Chempionlar Ligasiga qaytishni juda istayapti. Agar ular bugun “Everton”ni mag‘lub etsa, Chempionlar Ligasi zonasiga kirib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa mavsum davomidagi beqaror o‘yinlardan keyin jamoa uchun yangi nafas, muxlislar uchun esa katta umid demakdir.
Qisqasi, mavsum hal qiluvchi bosqichga kirdi. Chempionlik, Yevropa yo‘llanmalari, prestij — barchasi xavf ostida. Angliya futbolida esa har doimgidek dramatizm, bosim va oxirigacha davom etadigan intriga hukm surmoqda.
Demak, birgalikda kuzatamiz.
Mirzabek Xolmurotov tayyorladi.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!