Suriya janubidagi Suvayda shahrida hukumat qo‘shinlari chiqib ketgach, noma’lum qurolli guruhlar arab badaviy ko‘ngillilariga qarshi ommaviy qirg‘in uyushtirdi. SANA agentligiga ko‘ra, al-Mikuas tumanida tinch aholi, jumladan ayollar va bolalar vahshiylarcha o‘ldirilgan. Qanchalik odam halok bo‘lgani hozircha noma’lum.
Tirik qolgan badaviylar navbatdagi hujumlardan qo‘rqib yashash joylarini tark etmoqda. Al Watan nashriga ko‘ra, zo‘ravonliklar ortida Damashq hukumatiga qarshi chiqqan, Isroil bilan yaqinlashishni yoqlovchi radikal druz shayxi Hikmat al-Hajariy tarafdorlari turgan bo‘lishi mumkin.
Vaziyat 13-iyul kuni druzlar va arab ko‘ngillilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin keskinlashgan. 15-iyulda hukumat armiyasi Suvaydaga kirib, qisqa vaqt ichida shaharni tozaladi. Biroq Isroil bu harakatlarga javoban druzlarni himoya qilishni bahona qilib, Suriya harbiylariga va poytaxt Damashqdagi strategik obyektlarga zarba berdi.
16-iyuldan so‘ng Suriya Mudofaa vazirligi o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni shahar ichidan olib chiqish bo‘yicha kelishuv e’lon qildi. Endilikda Suvayda politsiya nazoratida. Druzlar diniy yetakchisi shayx Yusuf Jarbu’a ushbu sulhni qo‘llab-quvvatlagan, biroq Hikmat al-Hajariy bunga qarshi chiqqan.
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!