O‘zbekiston moliyaviy sektoridagi eng yirik xususiy banklardan biri — Anorbankning asosiy egasi Qahramon Olimovning Parijda o‘g‘irlab ketilishi va qiynoqqa solinishi haqidagi xabarlar ortidan “Postfactum.uz” voqeaga aniqlik kiritdi.
Fransuz nashri Le Monde tomonidan tarqatilgan tafsilotlarga ko‘ra, voqea 2024-yil 22-iyun kuni sodir bo‘lgan. Olimov, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chmas mulk xarid qilish maqsadida Parijga borgan. Biroq aynan o‘sha kuni u rus tilida so‘zlashuvchi yosh ayol bilan tanishadi va ertasi kuni uning taklifi bilan uchrashuvga chiqadi. Natijada, noma’lum shaxslar tomonidan kuch bilan Mercedes rusumli furgonga tiqilib, olib ketiladi.
Eng jiddiy jihati shundaki, bu o‘g‘irlash ortida shunchaki jinoyatchilar emas, balki Olimovning sobiq biznes hamkori turgani aniqlangan. U ilgari Turkiyaga ko‘chib ketgan bo‘lib, Olimovni Anorbankdagi ulushni noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritganlikda ayblab, undan 10 million dollar talab qilgan. Olimovning qiynoqqa solingani, hatto uning osilish sahnasi uyushtirilgani Le Monde xabarida keltirilgan.
Olimov bir necha kun Nitsadagi hashamatli uy podvalida saqlangan. Faqatgina talab qilingan pulning bir qismi to‘langach, u ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik u Parijga qaytib, rasmiy ravishda politsiyaga murojaat qilgan.
Hozirda Olimov Toshkentga qaytgan, biroq bu voqea O‘zbekistonning moliyaviy tizimi atrofida jiddiy savollar va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, yirik banklarning real boshqaruvi, mulkchilik huquqlari va transchegaraviy moliyaviy xavfsizlik masalalari yana kun tartibiga chiqmoqda
Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!